O‘zbekiston o‘z fuqarolari uchun vizasiz safarlar geografiyasini yanada kengaytirmoqda
Iyul 16, 2026. 08:10 • 2 daq
• 91
MOSKVA, 16-iyul. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning yetakchi “Dzen” yangiliklar platformasida O‘zbekistonning mamlakat fuqarolari uchun xorijga chiqish viza tartiblarini soddalashtirish va vizasiz davlatlar ro‘yxatini kengaytirish borasidagi tashabbuslariga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan mamlakatimiz fuqarolari uchun xorijiy davlatlarga sayohat qilish tartiblarini yengillashtirish bo‘yicha muzokaralar faollashtirilgani maʼlum qilingan. Qayd etilishicha, mazkur tashabbus “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.
Nashrning yozishicha, TIV tizimida start berilgan “Dolzarb viza” oyligi davomida O‘zbekistonning chet eldagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari o‘zbekistonliklarning xalqaro safarlari uchun imkoniyatlarni kengaytirishga asosiy eʼtibor qaratadi.
“O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari chet ellik sheriklar bilan yurtimiz fuqarolari uchun vizasiz safarlar imkoniyatini kengaytirish, viza tartib-taomillarini soddalashtirish, zamonaviy va qulay viza mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha muzokaralarni faollashtiradi”, deya O‘zbekiston TIVning rasmiy bayonotidan iqtibos keltirgan “Dzen”.
Maqolada asosiy eʼtibor O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejim o‘rnatish va elektron vizalarni qo‘llash ko‘lamini yanada kengaytirishga qaratilishi taʼkidlangan.
Mazkur tashabbusning hayotga tatbiq etilishi O‘zbekiston fuqarolari uchun xorijga chiqishda yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning xalqaro miqyosdagi harakatlanish imkoniyatlarini oshirish hamda mamlakatimizning ochiqlik va faol xalqaro hamkorlikka yo‘naltirilgan siyosatini izchil davom ettirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi