O‘zbekiston “IT Park” ishtirokchilari xizmatlar eksportini oshirmoqda
Avgust 21, 2026. 10:00 • 2 daq
• 83
TOSHKENT, 21-avgust. /“Dunyo” AA/. 2026-yilning yanvar–iyun oylarida O‘zbekiston “IT Park” rezidentlarining xizmatlar eksporti hajmi 392,5 million AQSh dollarini tashkil etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
2025-yilning shu davriga nisbatan ko‘rsatkich 90,3 million dollarga oshgan, bu mamlakatimiz IT sanoatining eksport salohiyati mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.
Milliy statistika qo‘mitasi maʼlumotlariga ko‘ra, yilning dastlabki olti oyida “IT Park” rezidentlari tomonidan ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 18,2 trillion so‘mni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,1 trillion so‘mga ko‘pdir.
Shu bilan birga, investitsiyaviy faollikda ham sezilarli o‘sish qayd etilmoqda. Barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan “IT Park” rezidentlari tomonidan o‘zlashtirilgan asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi 647,5 milliard so‘mga yetib, 2025-yilning yanvar–iyun oylariga nisbatan 352 milliard so‘mga oshgan.
Tahlilchilarning fikricha, eksport, ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi va investitsiyalar dinamikasi O‘zbekiston IT sohasining izchil rivojlanayotganini ifodalaydi.
Asosiy ko‘rsatkichlarning barqaror o‘sishi raqamli xizmatlar eksportini yanada kengaytirish, sarmoyalarni jalb etish va mamlakatning xalqaro IT bozoridagi o‘rnini mustahkamlash uchun qulay sharoit yaratmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi