O‘zaro aviaqatnovlarning o‘sishi O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida turizm, ta’lim va biznes sohasidagi hamkorlikning yangi bosqichini boshlab bermoqda
Iyun 14, 2026. 12:30 • 2 daq
• 94
DЕHLI, 14-iyun. /“Dunyo” AA/. Hindistonning “Travel and Tour World” turistik portalida O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida aviaqatnovlarning jadal kengayayotganiga bag‘ishlangan maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda qayd etilishicha, to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar sonining ko‘payishi turizm sohasi doirasidan chetga chiqib, ko‘p tomonlama hamkorlikning harakatlantiruvchi kuchiga aylanmoqda.
Nashrning yozishicha, yo‘lovchi tashish imkoniyatlarining kengayishi ta’lim, tibbiyot, ishbilarmonlik turizmi (MICE-turizm) sohalaridagi aloqalarni mustahkamlashga bevosita turtki bermoqda va ikki mamlakat o‘rtasidagi biznes-aloqalarni faollashtirmoqda.
Reyslar geografiyasi va sonining kengayishi shifokorlar, o‘qituvchilar, talabalar va tadbirkorlarning chegaralarni tez-tez hamda kam vaqt sarflagan holda kesib o‘tishi uchun sharoit yaratmoqda, deb ta’kidlanadi materialda. Bu, ayniqsa, xalqaro ta’lim, xorijdagi tibbiy xizmatlar va qo‘shma biznes-loyihalarga talab ortib borayotgan O‘zbekiston uchun juda muhimdir.
Turistik portal mualliflari, shuningdek, aviareyslar sonining ko‘payishi o‘zaro sayyohlar oqimining o‘sishiga xizmat qilishini, o‘zbekistonliklar uchun yangi sayohat yo‘nalishlarini ochishini, xorijlik mehmonlarga esa O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosi bilan tanishish uchun yanada qulay imkoniyatlar taqdim etishini qayd etgan.
Uzoq muddatli istiqbolda bu holat barqaror iqtisodiy sheriklik hamda mamlakatimizning global transport koridorlariga integratsiyalashuvi uchun imkoniyatlarni yanada kengaytiradi.
Ushbu maqola Hindistonning aviaaloqalarni rivojlantirishni xalqaro hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rayotgan tegishli idoralari va turoperatorlarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi