Isroilda Yangi O‘zbekistonning madaniy va sayyohlik imkoniyatlari namoyish qilindi

Iyun 13, 2026. 11:30 • 2 daq

104
Isroilda Yangi O‘zbekistonning madaniy va sayyohlik imkoniyatlari namoyish qilindi
Isroilda Yangi O‘zbekistonning madaniy va sayyohlik imkoniyatlari namoyish qilindi

NAZARET, 13-iyun. /“Dunyo” AA/. Isroilning Nazaret shahrida xalqaro munosabatlarga bag‘ishlangan “Millatlar madaniyati, muloqot, hamkorlik va umumiy nazar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Arab madaniy uyushmalari forumi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu tadbirda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Rossiya, Latviya, Yaponiya, Belgiya, Avstraliya, Niderlandiya, Filippin va Polsha diplomatik vakolatxonalari vakillari, mahalliy madaniy tashkilotlar rahbarlari hamda yetakchi sayyohlik shirkatlari mutaxassislari ishtirok etdi.

Anjuman doirasida mamlakatimiz elchixonasi diplomatlari tomonidan “Yangi O‘zbekiston” nomli keng qamrovli taqdimot namoyish qilindi. Diplomatlar o‘z chiqishlarida O‘zbekiston rahbariyati tomonidan madaniy-gumanitar sohani rivojlantirish, milliy qadriyatlarni tiklash va asrab-avaylash borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar hamda tizimli yangilanishlar haqida atroflicha ma’lumot berdi.

Shu bilan birga, O‘zbekistonning islom dunyosida tutgan beqiyos o‘rni, boy diniy-ma’naviy tarixi, buyuk muhaddis Imom al-Buxoriy va boshqa ulug‘ allomalarning islom ilm-fanini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi alohida qayd etildi. Mehmonlarga Islom sivilizatsiyasi markazi hamda qayta rekonstruksiya qilingan Imom al-Buxoriy yodgorlik majmuasi faoliyati haqida ma’lumot berildi.

Davra suhbatida buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur shaxsi va uning tarixiy faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi. Joriy yilda Sohibqiron tavalludining 690-yilligi keng nishonlanayotgani, uning davrida Movarounnahrda ilm-fan va madaniyat yuksak bosqichga ko‘tarilgani tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Bundan tashqari, yig‘ilganlarga respublikamizning qadimiy shaharlari, jozibador turizm maskanlari, ayniqsa, ziyorat va gastronomik turizm yo‘nalishlari hamda mavjud to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar xususida batafsil tushunchalar berilib, xorijlik mehmonlar O‘zbekistonga taklif etildi.

Xalqaro munosabatlar bo‘yicha Arab kengashi direktori Xolid Xalifa tashkilot vakillari 2025-yil oktyabr oyida O‘zbekistonga tashrif buyurganlarini mamnuniyat bilan yodga oldi. U O‘zbekistonning sayyohlik va madaniy sohadagi yuksak imkoniyatlarini yuqori baholadi.

Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan davra suhbati yakunida ishtirokchilar O‘zbekistonning madaniy va sayyohlik sohalaridagi yutuqlarini e’tirof etib, uzoq muddatli hamda o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga qat’iy intilishlarini bildirdi.


Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish