Londonda O‘zbekiston iqtisodiyoti va investitsiya istiqbollari muhokama qilindi
Iyun 05, 2026. 09:00 • 2 daq
• 95LONDON, 5-iyun. /“Dunyo” AA/. Londondagi “Institute of Directors” tashkilotida O‘zbekistonning investitsiya imkoniyatlari va sarmoyaviy muhitiga bag‘ishlangan biznes-forum tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Buyuk Britaniya Biznes va savdo vazirligi, Jersi oroli hukumati, “SavvY”, “COSA Solutions”, “International Construction Chambers”, “Sturgeon Capital”, “Xtellus”, “Montfort”, “Sullcrom”, “BTI Capital”, “Zaha Hadid Architects” kabi yetakchi kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
Biznes-forum davomida qatnashchilarga O‘zbekiston iqtisodiyotining ustuvor yo‘nalishlari, respublika bozoriga kirishning zamonaviy mexanizmlari hamda xorijiy investorlar uchun davlat tomonidan taqdim etilayotgan keng ko‘lamli imtiyoz va preferensiyalar yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.
Anjuman doirasida “SavvY” kompaniyasi vakili Mariam Koyava “O‘zbekiston iqtisodiyoti va investitsiya istiqbollari: xalqaro bozordagi imkoniyatlar” mavzusida taqdimot o‘tkazdi. U o‘z ma’ruzasida mamlakat iqtisodiyotining asosiy o‘sish ko‘rsatkichlari, sarmoya kiritish uchun eng istiqbolli hisoblangan tarmoqlar hamda xorijiy biznes vakillari uchun yaratilayotgan qulay sharoitlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Forum doirasida panel muhokamalari ham tashkil etildi. Unda xalqaro kompaniyalar va nufuzli investitsiya fondlari rahbarlari O‘zbekiston bozorida orttirgan tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Ekspertlar mamlakatimizning iqtisodiy imkoniyatlari, mahalliy xususiy sektor vakillari bilan uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari haqida fikr-mulohazalarini bayon etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Xitoyda O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyatiga bag‘ishlangan biznes-forum o‘tkazildi







