O‘zbekiston Xitoyning yetakchi universiteti va onkologiya markazi tajribasini jalb etmoqda

Avgust 20, 2026. 12:00 • 2 daq

80
O‘zbekiston Xitoyning yetakchi universiteti va onkologiya markazi tajribasini jalb etmoqda

GUANCHJOU, 20-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Guanchjou shahridagi diplomatlari Sun Yatsen universiteti va uning saraton kasalliklarining oldini olish va davolashga ixtisoslashgan markazi rahbariyati bilan uchrashdilar, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tomonlar Xitoy muassasalari va O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari, ixtisoslashtirilgan tibbiyot hamda ilmiy markazlari o‘rtasida bevosita institutsional aloqalarni o‘rnatish masalalarini muhokama qildilar. Eng muhim yo‘nalishlar qatoridan professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar, doktorantlar va talabalar almashinuvi, qo‘shma taʼlim va ilmiy dasturlarni ishga tushirish, malaka oshirish, grant loyihalari hamda ilmiy ishlarni nashr etish joy oldi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Xitoy tomoni va O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari hamda ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari o‘rtasida onlayn va oflayn konsultatsiyalar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Sun Yatsen universiteti 1924-yilda Xitoyning Guandun provinsiyasida tashkil etilgan. Universitetda 70 mingdan ortiq talaba tahsil oladi va u “ARWU 2026” reytingida dunyo bo‘yicha 65-o‘rinni egallaydi. Saraton kasalliklarining oldini olish va davolash markazi 1964 yildan beri faoliyat yuritib kelayotgan bo‘lib, Xitoydagi eng yirik ixtisoslashtirilgan tibbiyot va ilmiy markazlardan biri hisoblanadi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish