Namangan va Grodno viloyatlari o‘rtasida memorandum imzolandi

Avgust 17, 2026. 10:00 • 3 daq

154
Namangan va Grodno viloyatlari o‘rtasida memorandum imzolandi

GRODNO, 17-avgust. /“Dunyo” AA/. Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazaqovning Belarusga xizmat safari doirasida Grodno viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi Yuriy Karayev bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda tomonlar sanoat, qishloq xo‘jaligi, qayta ishlash, yengil sanoat va boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari haqida fikr-mulohaza almashdi.

Muloqot chog‘ida Namangan va Grodno viloyatlari o‘rtasida hududlararo hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ishbilarmon doiralar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatishga kelishib olindi.

Joriy yil iyul oyida Minsk shahrida imzolangan Strategik sheriklik deklaratsiyasi ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlik uchun zarur shart-sharoitlarni yaratayotgani taʼkidlandi.

Grodno viloyatining sanoat va agrosanoat salohiyati bu borada muhim imkoniyatlarni taqdim etmoqda. Hudud Belarus sanoat ishlab chiqarishining qariyb 11 foizini taʼminlaydi, agrosanoat va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hamda investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha yetakchi hududlardan biri hisoblanadi.

Viloyatning tashqi savdo aloqalari 125 mamlakatni qamrab olgan bo‘lib, bu yerda 800 ga yaqin xorijiy kompaniya, jumladan, O‘zbekiston kapitali ishtirokidagi 50 ga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda.

Tomonlar uchrashuv davomida to‘qimachilik sohasida kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish masalasiga alohida eʼtibor qaratdi. Namanganning boy xomashyo bazasi va ishlab chiqarish salohiyatidan foydalangan holda Grodnoning “Konte SPA”, “Groniteks”, “Slonimskaya kamvolno-pryadilnaya fabrika” kabi yirik korxonalari bilan texnologiya va tajriba almashish, kiyim-kechak hamda turli xil matolarni birgalikda ishlab chiqarish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Qishloq xo‘jaligi sohasida ham aniq rejalar belgilandi. Belarusning chorvachilik va agrar sohadagi tajribasidan foydalanish maqsadida Grodno, Vitebsk va Minsk viloyatlarida chorvachilik xo‘jaliklarini tashkil etish, faoliyat yuritayotgan korxonalarni xususiylashtirish bo‘yicha takliflarni o‘rganish rejalashtirilgan. Belarusda ishlab chiqarilayotgan sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini O‘zbekiston bozoriga keng jalb etish ham muhim yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etildi.

“Hududlararo sanoat va qishloq xo‘jaligi kooperatsiyasini rivojlantirish, qo‘shma ishlab chiqarishlarni tashkil etish, texnologiyalarga investitsiya kiritish va bozorda munosib o‘rin egallash vaqti keldi”, – dedi Yuriy Karayev.

Shavkat Abdurazaqov Belarusning mavjud salohiyati O‘zbekiston oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi. U ikki tomonlama hamkorlik barcha belgilangan vazifalarni amaliy natijalar bilan taʼminlashga xizmat qilishini qayd etdi.

Uchrashuv yakunida ilmiy-texnik aloqalarni kuchaytirish, mutaxassislar va tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ijtimoiy-madaniy hamda turizm sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Yuriy Karayev va Shavkat Abdurazaqov Grodno va Namangan viloyatlari o‘rtasida hududlararo aloqalarni rivojlantirish to‘g‘risida memorandumni imzoladi.

Mazkur hujjat ikki hudud o‘rtasidagi hamkorlikni aniq loyihalar bilan boyitish, investitsiyaviy va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamda ishbilarmonlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yanada faollashtirish uchun mustahkam zamin yaratadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish