O‘zbekiston va Turkiya TDT doirasida kasbiy malakalarni o‘zaro tan olish tizimini rivojlantiradi

Avgust 14, 2026. 15:30 • 2 daq

137
O‘zbekiston va Turkiya TDT doirasida kasbiy malakalarni o‘zaro tan olish tizimini rivojlantiradi

ANQARA, 14-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari Turkiya Mehnat va ijtimoiy himoya vazirligi huzuridagi Kasbiy malakalarni baholash idorasi (KMBI) Xalqaro munosabatlar va Yevropa Ittifoqi departamenti direktori Emre Yildiz bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot davomida “Turkiy davlatlar tashkiloti malakalar sammiti”ni tashkil etish va o‘tkazishga doir tashkiliy-amaliy masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi. Xususan, sammitning dastlabki dasturi, kun tartibiga kiritilishi mumkin bo‘lgan masalalar hamda loyihani amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik mexanizmlari atroflicha muhokama qilindi.

Ushbu tashabbusning asosiy maqsadi — Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) aʼzo mamlakatlar o‘rtasida mehnat migratsiyasini tartibli, xavfsiz va malakali shaklda yo‘lga qo‘yish, mehnat bozori ehtiyojlariga mos kadrlar tayyorlash hamda inson kapitalini rivojlantirishning barqaror modelini shakllantirishdan iborat.

Emre Yildizning taʼkidlashicha, mintaqaviy miqyosda iqtisodiy aloqalar va mehnat resurslari harakatining jadallashib borayotgani malakalarning shaffofligi va ishonchliligini taʼminlaydigan umumiy vositalarni ishlab chiqishni taqozo etmoqda. Shu nuqtai nazardan, malaka ramkalarini o‘zaro uyg‘unlashtirish, sifatni kafolatlash tizimlarini kuchaytirish, kasbiy malakalarni o‘zaro tan olish hamda raqamli malaka hujjatlaridan foydalanishni kengaytirish mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.

Shu munosabat bilan, milliy malaka tizimini shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha 20 yillik boy tajribaga ega bo‘lgan KMBI tomonidan joriy yil yakuniga qadar TDTga aʼzo mamlakatlarning tegishli muassasalari ishtirokida Malakalar sammitini o‘tkazish va uning doirasida tegishli Anglashuv memorandumini imzolash rejalashtirilayotgani maʼlum qilindi.

Uchrashuv yakunida turk tomoni O‘zbekistonda kasbiy malaka tizimi sohasida yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishish va tegishli idoralar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish maqsadida KMBIning tajribali mutaxassislaridan iborat delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifini tashkil etishga tayyorligini maʼlum qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish