Toshkentda inson huquqlari va raqamli transformatsiyaga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya boshlandi

Avgust 20, 2026. 10:58 • 2 daq

16
Toshkentda inson huquqlari va raqamli transformatsiyaga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya boshlandi
Toshkentda inson huquqlari va raqamli transformatsiyaga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya boshlandi

TOSHKENT, 20-avgust. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston poytaxtida “Raqamli transformatsiya sharoitida inson huquqlari: zamonaviy yondashuvlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir gibrid formatida bo‘lib, unda davlat organlari, inson huquqlari bo‘yicha milliy muassasalar, xalqaro tashkilotlar vakillari, ombudsmanlar hamda xorijiy mamlakatlar ekspertlari ishtirok etmoqda.

Konferensiya raqamli texnologiyalarning shiddatli rivojlanishi sharoitida inson huquqlarini himoya qilish va taʼminlashning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan. Raqamlashtirish, shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish, internetda xavfsizlikni taʼminlash hamda raqamli xizmatlardan teng foydalanish bilan bog‘liq yangi imkoniyatlar va tahdidlarga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Tadbir doirasida raqamli makonda yoshlar va xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, gender tengligini taʼminlash, kiberbullingning oldini olish va internet xavfsizligini nazorat qilish, inklyuziv raqamli xizmatlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilinmoqda.

Ochilish marosimida O‘zbekiston Oliy Majlisi palatalari, BMT, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, inson huquqlari bo‘yicha milliy muassasalar va boshqa xalqaro tashkilotlar rahbariyati ishtirok etmoqda.

Ochilish marosimida O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Mavludaxon Xodjayeva, BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Maxl, YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori Antti Karttunen, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov va boshqa ishtirokchilar so‘z yuritdi.

Konferensiyada turli mavzularda sessiyalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Sessiyalarda xorijiy va o‘zbekistonlik ekspertlar raqamli muhitda inson huquqlarini himoya qilishning zamonaviy mexanizmlari, xalqaro tajriba va kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qiladi.

Shuningdek, konferensiyada muhokama qilingan mavzular bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilib, ikki tomonlama hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilgan.

Konferensiya yakunlari bo‘yicha raqamli transformatsiya sharoitida inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini aks ettiruvchi Toshkent deklaratsiyasini qabul qilish rejalashtirilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish