Sibir poytaxtida o‘zbek milliy cholg‘ulari sadolari yangradi
Aprel 24, 2026. 15:55 • 2 daq
• 214NOVOSIBIRSK, 24-aprel. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning Novosibirsk shahrida O‘zbekiston davlat filarmoniyasi akademik xalq cholg‘ulari orkestrining gastrol safari tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Safar davomida o‘zbekistonlik sanʼat vakillari “Sibir torlari” VII xalqaro xalq cholg‘ulari orkestrlari va ansambllari festivali doirasida o‘z ijod namunalarini namoyish qildi. Novosibirsk davlat filarmoniyasida bo‘lib o‘tgan gala-konsert o‘zbek milliy musiqa sanʼatiga bag‘ishlandi.
Tantanali kechada respublika va xalqaro tanlovlar laureatlari –Maftunabonu Mahmudjonova (dutor), Nodirjon Abdullajonov (chang), Shohrux Abdullayev (Qoshqar rubobi), Qobil Pazliddinov (g‘ijjak) yakkaxon chiqish qildi. “Navbahor” raqs ansamblining rang-barang ijrolari tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
Dirijyor Sherzod Shavrikov boshchiligidagi xalq cholg‘ulari orkestrining ijod namunalari yig‘ilganlarga manzur bo‘ldi. Dasturdan nafaqat o‘zbek milliy klassik asarlari, balki Rossiya, Argentina va Yaponiya kompozitorlarining mashhur kuylari ham o‘rin oldi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Novosibirskdagi ijodkorlar uchun bir qator mahorat darslarini ham tashkil etdi. Unda o‘zbek milliy cholg‘ularining o‘ziga xos yangrashi, ijro etish sirlari hamda milliy musiqa maktabi tarixi va anʼanalari haqida maʼlumot berildi.
Mamlakatimiz Bosh konsulxonasi tomonidan tashkil etilgan milliy ko‘rgazma mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ko‘rgazmada yurtimiz tarixi, madaniyati va xalq hunarmandchiligi durdonalari namoyish etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi





