O‘zbekiston–Yaponiya hamkorligi doirasida yuqori daromadli ish o‘rinlari uchun kadrlar tayyorlanmoqda
Aprel 26, 2026. 21:05 • 2 daq
• 53TOKIO, 26-aprel. /“Dunyo” AA/. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatimizning Tokio shahridagi elchixonasi koʻmagida Yaponiyaning “Proud Partners”, “Izumi Logistics” hamda “Company Action” kompaniyalari bilan qator muzokaralar oʻtkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvlar davomida Oʻzbekiston fuqarolarini til va kasbga oʻqitish orqali ularni Yaponiyada yuqori maoshli ish oʻrinlari bilan taʼminlashga qaratilgan loyihalar muhokama qilindi.
Xususan, “Proud Partners” va “Izumi Logistics” kompaniyalari bilan hamkorlikda haydovchilarni tayyorlash va ularni Yaponiyaga ishga joʻnatish masalalari koʻrib chiqildi. Yapon tomonining maʼlum qilishicha, Oʻzbekistondan yiliga 1000 nafargacha malakali ishchilarni qabul qilish imkoniyati mavjud.
Shuningdek, Angren shahrida tashkil etilgan “Uzbekistan Proud Academy” markazida hozirda 100 nafarga yaqin nomzod oʻqitilmoqda. 2026-yil davomida ushbu koʻrsatkichni 300 nafarga yetkazish rejalashtirilgan.
Loyihalarni amalga oshirish va kengaytirish doirasida “Proud Partners” kompaniyasi prezidenti R.Suzukining joriy yil 21–24-aprel kunlari Oʻzbekistonga tashrifi tashkil etilmoqda. Safar davomida oʻquv markazlari faoliyati bilan tanishish, shuningdek yangi hamkorlik yoʻnalishlarini belgilash masalalari muhokama qilinmoqda.
Jumladan, IT sohasida taʼlim olayotgan yoshlarni til va kasbga tayyorlash orqali ularni Yaponiyada ish bilan taʼminlashga qaratilgan yangi dasturni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Mazkur ishlar Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Migratsiya agentligi va mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan fuqarolarni xorijiy mehnat bozorlariga tayyorlash va ularni qonuniy, barqaror ish oʻrni bilan taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlarning ajralmas qismi hisoblanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi

