Logo

Berlindagi xalqaro kitob yarmarkasida o‘zbek bolalar adabiyoti namoyish etildi

Aprel 21, 2026. 15:37 • 3 daq

87
Berlindagi xalqaro kitob yarmarkasida o‘zbek bolalar adabiyoti namoyish etildi
Berlindagi xalqaro kitob yarmarkasida o‘zbek bolalar adabiyoti namoyish etildi
Berlindagi xalqaro kitob yarmarkasida o‘zbek bolalar adabiyoti namoyish etildi
Berlindagi xalqaro kitob yarmarkasida o‘zbek bolalar adabiyoti namoyish etildi

BERLIN, 21-aprel. /“Dunyo” AA/. Germaniya poytaxtida II xalqaro bolalar kitob yarmarkasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Kelajakni birga quramiz!” shiori ostida o‘tkazilgan ushbu tadbirda dunyoning turli mamlakatlaridan keltirilgan, 30 dan ortiq tildagi bolalar adabiyoti namoyish etildi.

Mazkur xalqaro madaniy-maʼrifiy anjumanda O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari ham faol ishtirok etdi. Elchixona tomonidan O‘zbekistonda va xorijda ijod qilayotgan o‘zbek mualliflarining asarlari taqdim etildi. Jumladan, bolalar yozuvchilari Dinara Mo‘minova va Sitora Usmanova asarlari, Oybek Ostonov tarjimasi asosidagi o‘zbek bolalar adabiyoti namunalari namoyish qilindi.

Bu ishtirok o‘zbek bolalar adabiyotini xalqaro miqyosda kengroq tanitish, mamlakatimizning boy madaniy merosi va zamonaviy adabiyotini targ‘ib qilish, Germaniyada yashovchi vatandoshlar farzandlarini ona tilidagi kitoblar bilan tanishtirishga xizmat qildi.

Yarmarka doirasida bolalar va ota-onalar uchun turli madaniy dasturlar tashkil etildi. Jumladan, elchixona “Peacock Verlag” nashriyoti bilan hamkorlikda “Xo‘ja Nasriddinning quvnoq latifalari” kitobining o‘zbek, nemis, ingliz va rus tillaridagi taqdimotini o‘tkazdi.

Shuningdek, kichik yoshdagi bolalar uchun interaktiv mutolaa tadbiri uyushtirilib, ular va ota-onalariga O‘zbekiston haqida maʼlumotlar berildi.

Berlin va uning atrofida yashovchi vatandoshlar, ota-onalar va bolalar yarmarkaga tashrif buyurib, o‘zbek tilidagi kitoblar bilan tanishdi va madaniy dasturlardan bahra oldi.

“Cultur-Cooperation International e.V.” tashkiloti rahbari, islomshunos olima Ketlin Gyobelning taʼkidlashicha, uch kun davomida qiziqarli bolalar kitoblari yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Unda 30 dan ortiq mamlakat ishtirok etdi va turli tillardagi kitoblar namoyish qilindi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning ishtiroki, ayniqsa, esda qolarli bo‘ldi. Nasriddin haqidagi hikoyalar turli tillarda o‘qib berildi va bu nafaqat bolalarni, balki kattalarni ham jalb qildi. Nasriddin obrazidagi chiqishlar, raqs, musiqa va qo‘shiqlar bilan boyitilgan sahnaviy namoyish tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Noshir Shtefan Trudevind ham tadbirdan mamnun ekanini bildirdi. Uning aytishicha, yarmarka davomida yangi hamkorlar topish va tajriba almashish imkoniyati yaratildi. Ayniqsa, O‘zbekiston elchixonasi bilan o‘zbek bolalar adabiyotini nashr etish va kelajakda ikki tilli kitoblar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Muallif Sitora Usmanova esa “Ko‘prik va do‘stlik” nomli ikki tilli kitobini bolalarga interaktiv tarzda taqdim etganini aytdi. Uning taʼkidlashicha, bolalar do‘stlik g‘oyasini katta qiziqish bilan qabul qildi.

Ushbu festival nafaqat kitob taqdimoti, balki madaniyatlararo muloqot, yangi do‘stliklar va kelajakdagi ijodiy hamkorliklar uchun muhim maydon bo‘ldi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish