O‘zbek hunarmandlari Hindistondagi «Surajkund Mela-2026» xalqaro hunarmandchilik yarmarkasida faol ishtirok etmoqda
Fevral 06, 2026. 09:28 • 2 daq
• 50
DEHLI, 6-fevral. /“Dunyo” AA/. Hindistonning Haryana shtatida bo‘lib o‘tayotgan «Surajkund Mela-2026» yirik xalqaro festival-yarmarkada o‘zbek hunarmandlari yana bir bor o‘zlarining yorqin ishtiroki bilan diqqat markazida bo‘lmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu yirik tadbir haqli ravishda xalq amaliy sanʼati va madaniy merosining dunyodagi eng yirik ko‘rgazmasi hisoblanadi.
Joriy yilgi yarmarka «Mahalliydan global bosqichga» shiori ostida 50 dan ortiq mamlakatni birlashtirdi. Ushbu konsepsiyadan ko‘zlangan maqsad mahalliy ustalarning anʼanaviy sanʼatini xalqaro miqyosda eʼtirof etish va ularning merosini global bozorga integratsiya qilishdan iborat.
Mazkur mavzu o‘zbek hunarmandlarining faoliyati bilan hamohangdir. Yarmarka noyob anʼanaviy sanʼatimizni mintaqaviy doiradan jahon maydoniga olib chiqish va unga xalqaro maqom berishga xizmat qiladi.
«Surajkund Mela» hunarmandchilikning jonli ensiklopediyasi bo‘lib, uning doirasida to‘qimachilik, kulolchilik, o‘ymakorlik, zargarlik va amaliy sanʼatning boshqa yo‘nalishlariga taalluqli beqiyos boylik hamda xilma-xillik namoyish etilmoqda. Savdo rastalari va ko‘rgazmalardan tashqari, tadbir dasturiga turli mamlakatlarning folklor ansambllari hamda musiqa va raqs jamoalarining chiqishlari kiritilgan.
O‘zbekiston ko‘p yillardan buyon yarmarkaning faol ishtirokchilaridan biri sanaladi. Mamlakatimiz pavilyonlari har doim eng ko‘p tashrif buyuriladigan maskanlardan bo‘lib, minglab odamlarni o‘ziga jalb qiladi.
- «Surajkund Mela» yarmarkasida har yili qatnashamiz, - deydi milliy kashtachi hunarmand Nilufar Musajonova. – Hindiston aholisi, yarmarka ishtirokchilari va mehmonlari kashtachilik namunalari, qo‘g‘irchoqlar, sumkalar va boshqa milliy mahsulotlarimizga katta qiziqish bildiradi. Shu bois men hamkasblarimni ushbu yarmarkada faol ishtirok etishga chaqiraman.
O‘zbek hunarmandlari tomonidan yaratilgan so‘zana, kulolchilik buyumlari, do‘ppilar, zargarlik bezaklari va boshqa mahsulotlarga bo‘lgan qiziqish aslo susaygani yo‘q. Bu milliy merosimizning yuqori sifati va badiiy qiymatidan dalolat beradi.
«Surajkund Mela»da ishtirok etish ushbu yo‘nalishda qo‘lga kiritilayotgan yutuqlarni keng xalqaro auditoriyaga namoyish etish uchun qulay imkoniyatdir. Yarmarka doirasida madaniyatlar muloqoti, shuningdek, dunyoning turli burchaklaridan kelgan hamkasblar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tajriba va texnologiya almashinuvi amalga oshirilmoqda.
- Biz ushbu yarmarkaga bir yil davomida tayyorgarlik ko‘ramiz, - deydi marg‘ilonlik hunarmand Hasanboy Hojimatov. – Bu yerga butun dunyodan hamkasblarimiz keladi, biz ular bilan do‘stlashamiz, tajriba almashamiz. Beqasam kamzullarimiz va boshqa mahsulotlarimizga qiziqish bildirib, turli davlat vakillari pavilyonimizni qidirib kelishadi.
Ushbu xalqaro tadbir to‘g‘ridan-to‘g‘ri sheriklik aloqalarini o‘rnatishga, Hindiston va boshqa davlatlar bozorlariga eksport hajmini kengaytirishga xizmat qiladi, shuningdek, xorijlik sayyohlarning O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishini oshiradi.
«Surajkund Mela» kabi global forumda ishtirok etish nafaqat O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlaydi, balki o‘zbek amaliy sanʼatining xalqaro maydondagi yuksak maqomini yana bir bor tasdiqlaydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
