“Islamabad Post” gazetasi: O‘zbek yoshlarining ko‘zida orzu-umid va kelajakka ishonch bor
Fevral 06, 2026. 09:55 • 3 daq
• 42
ISLOMOBOD, 6-fevral. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Islamabad Post” gazetasida “Kelajakka sarmoya: O‘zbekiston yoshlari milliy taraqqiyotning harakatlantiruvchi kuchi” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Gazetada taʼkidlanishicha, har qanday mamlakatning kelajagi uning yoshlar salohiyatiga bog‘liq. Dunyoda aholisining katta qismini yoshlar tashkil etgan davlatlar kam. O‘zbekiston ham dunyoda eng yosh aholiga ega mamlakatlardan biridir.
O‘zbekistonda har yili millionga yaqin yoshlar maktabni tugatib, yangi umid va g‘oyalar bilan hayotga qadam qo‘ymoqda. Mamlakat ushbu ulkan salohiyatni milliy taraqqiyotning qudratli harakatlantiruvchi omiliga aylantirish yo‘lidan izchil odimlamoqda.
Muallifning yozishicha, O‘zbekistonda davlat byudjeti yil sayin yoshlar rivojiga katta hajmda yo‘naltirilmoqda. Bu borada taʼlim va sport davlat siyosatida ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
“Bu siyosat o‘zbek sportchilarining, ayniqsa futbol, yengil atletika, shaxmat, kurash va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda xalqaro miqyosda tan olinishiga xizmat qildi. Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarixda ilk bor FIFA Jahon chempionatiga yo‘llanma oldi. Bu esa Markaziy Osiyodagi boshqa mamlakatlar uchun haligacha eng katta orzu bo‘lib qolmoqda”, – deyiladi maqolada.
Davlat siyosatida alohida ahamiyat berilgan yana bir muhim yo‘nalish – sunʼiy intellekt asrida raqamlashtirish va texnologik innovatsiyalarni rivojlantirishdir.
Taʼkidlanishicha, O‘zbekiston taʼlim islohotlari uchun ajratiladigan yillik byudjetni izchil ravishda oshirib bormoqda. Zamonaviy laboratoriyalar, yuqori texnologiyali kompyuterlar va tezkor internet bilan taʼminlangan maktab infratuzilmasini modernizatsiya qilish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Iqtisodiy jihatdan samarali va ijtimoiy masʼuliyatli avlodni shakllantirish maqsadida taʼlimning barcha bosqichlarini qamrab olgan yangi taʼlim arxitekturasi yaratilmoqda. U maktab, kollej va universitetlarni yagona taʼlim ekotizimiga birlashtiradi.
“O‘zbekistonning yangilangan yoshlarga oid davlat siyosati doirasida talabalar va yoshlar startaplar hamda tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etilmoqda. Startap loyihalari uchun foizsiz kreditlar ajratilmoqda. Shuningdek, nazariyani amaliyot bilan uyg‘unlashtirish maqsadida talabalar uchun haq to‘lanadigan amaliyot (stajirovka) imkoniyatlari yaratilgan. Dars mashg‘ulotlaridan tashqari, talabalar tegishli korxonalarda amaliyot o‘tab, amaliy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishmoqda”, – deyiladi manbada.
Taʼlimdan tashqari, sport va madaniyatni rivojlantirish ham davlat tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanmoqda. Kitobxonlik hamda ilmiy-tadqiqot madaniyati turli usullar orqali rag‘batlantirilmoqda. O‘zbekistonda mahalla instituti yoshlar tarbiyasida muhim o‘rin tutadi. Yoshlar ushbu tizim orqali hamjihatlik, o‘zaro hurmat va vatanparvarlik g‘oyalari asosida tarbiyalanmoqda.
“O‘zbekistonga tez-tez tashrif buyuruvchi inson sifatida men o‘zbek yoshlarining ko‘zlarida orzu, umid va yorug‘ kelajakka intilishni shaxsan ko‘rganman, – deb yozadi muallif. – Eʼtiborimni tortgan yana bir jihat – bu O‘zbekiston yoshlarining kattalarga “Assalomu alaykum” deya murojaat qilishi bo‘ldi. Bu samimiy munosabat buyuk o‘zbek mehmondo‘stligining yorqin namunasidir. Yoshlar va taʼlimga sarmoya kiritish – bu xarajat emas, balki milliy xavfsizlik, iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy barqarorlikka qaratilgan eng ishonchli investitsiyadir. Yoshlarini yaxshi tarbiyalagan va sifatli taʼlim bergan mamlakat kelajakdan qo‘rqmaydi – u kelajakni o‘zi yaratadi”.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
