Logo

Malayziya kompaniyasi O‘zbekistonda golf-kurort majmuasini qurmoqchi

Fevral 03, 2026. 18:52 • 1 daq

145
Malayziya kompaniyasi O‘zbekistonda golf-kurort majmuasini qurmoqchi
Malayziya kompaniyasi O‘zbekistonda golf-kurort majmuasini qurmoqchi

KUALA-LUMPUR, 3-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziyaning “Spora Global Sdn Bhd” kompaniyasi ijrochi direktori Fio Fahmi bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda Malayziya kompaniyasi rahbari Toshkent viloyatida xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy golf-kurort majmuasini qurish bo‘yicha investitsiya taklifini taqdim etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, majmua nafaqat professional golf maydoni, balki golf klubi binosi, 4 va 5 yulduzli mehmonxonalar, zamonaviy turar-joy binolari, restoran va sog‘lomlashtirish majmuasi, akvapark va qishki mavsum uchun chang‘i inshootlarini o‘z ichiga olgan jahon darajasidagi golf kurorti maqomini oladi.

Mazkur loyiha hududda sport infratuzilmasini yanada rivojlantirish bilan birga, viloyatning turizm salohiyatini yangi bosqichga olib chiqishni nazarda tutadi.

Investorlar ushbu loyihani Toshkent viloyati hokimligi bilan davlat-xususiy sheriklik asosida, shu jumladan, qo‘shma korxona tashkil etish orqali amalga oshirishni taklif qildilar.

Fio Fahmi yaqin kunlarda kompaniya rahbariyati va mutaxassislaridan iborat delegatsiya ushbu loyihani amalga oshirish imkoniyatlari va joylashuvini batafsil o‘rganish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurishini maʼlum qildi.

“Spora Global Sdn Bhd” kompaniyasi 2012-yilda tashkil etilgan. Asosiy faoliyati mehmonxona va kurortlarni loyihalash, qurish, boshqarish, taʼmirlash va dizayn qilishdan iborat. U Singapur, Avstraliya, Vyetnam, Indoneziya, Yangi Zelandiya va Shotlandiyada golf klublarini boshqaradi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish