Yevropalik tadbirkorlar Buxoro viloyati ishbilarmonlari bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi
Oktabr 30, 2026. 09:30 • 2 daq
• 191FRANKFURT-MAYN, 30-oktyabr. /“Dunyo” AA/. Germaniya Kichik va o‘rta korxonalar federal birlashmasi (BVMW) hamda Yevropa kichik va o‘rta biznes uyushmalari konfederatsiyasi (CEA-PME) vakillarining Buxoro viloyatiga biznes-missiyasi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu safar O‘zbekistonning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasi ko‘magida amalga oshirildi. Unga CEA-PME bosh kotibi Shtefan Morits va Germaniyaning “McKey International GmbH” kompaniyasi bosh direktori Mahmudjon Rasulov boshchilik qildi. Delegatsiya tarkibidan Italiya, Belgiya va Estoniya ishbilarmon doiralari vakillari o‘rin oldi.
Tashrif davomida “Buxoro Agroklaster” agrosanoat va to‘qimachilik klasteri rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazildi. Tomonlar uzoq muddatli hamkorlik istiqbollari, korxona mahsulotlarini Yevropa Ittifoqi bozoriga olib chiqish, shuningdek, ishlab chiqarish va logistika jarayonlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish masalalarini muhokama qildi.
Yevropalik tadbirkorlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, mamlakatning investitsiyaviy imkoniyatlari va mahalliy hamkorlar bilan ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish istiqbollarini ijobiy baholadi.
Tashrif yakunida ishtirokchilar O‘zbekiston kompaniyalari bilan muzokaralar olib borish va amaliy hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



