Yaponiyada O‘zbekistonning quritilgan mevalari “Ipak yo‘lidan tuhfa” brendi ostida sotilmoqda

Noyabr 05, 2026. 18:00 • 2 daq

• 27
Yaponiyada O‘zbekistonning quritilgan mevalari “Ipak yo‘lidan tuhfa” brendi ostida sotilmoqda
Yaponiyada O‘zbekistonning quritilgan mevalari “Ipak yo‘lidan tuhfa” brendi ostida sotilmoqda
Yaponiyada O‘zbekistonning quritilgan mevalari “Ipak yo‘lidan tuhfa” brendi ostida sotilmoqda

TOKIO, 5-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 64,1 foizga oshib, 388,6 million AQSh dollariga yetgani fonida, mamlakatimiz Yaponiyaga qora olxo‘ri yetkazib beruvchi eng yirik beshta mamlakat, mayiz eksport qiluvchi yetakchi o‘nta davlat qatoriga kirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi diplomatlari Osaka shahrida “Kurosimo inc.” kompaniyasi bosh direktori Kengo Sugiye bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekistonda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Yaponiya bozoriga yetkazib berish, eksport hajmini oshirish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Kengo Sugiyening ma’lum qilishicha, kompaniya O‘zbekistonda yetishtirilgan qora mayiz, bodom va yong‘oqni Yaponiyaga import qilib, uni qayta ishlaydi hamda “Gift from Silk Road” (“Ipak yo‘lidan tuhfa”) brendi ostida sotuvga chiqarmoqda. Ushbu mahsulotlar Yaponiyaning eng yirik savdo tarmoqlaridan biri — “Kintetsu Department Store” do‘konlarida xaridorlarga taklif etilmoqda va yapon iste’molchilarida katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Yapon iste’molchilarining ekologik toza va yuqori sifatli o‘zbek mevalariga bo‘lgan qiziqishining ortib borayotgani mahalliy agroxoldinglarimiz uchun yuqori daromadli yangi imkoniyatlarni ochib, uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.

“Kintetsu Department Store” Yaponiyaning yirik chakana savdo tarmoqlaridan biri bo‘lib, “Kintetsu Group Holdings” tarkibiga kiradi. Mazkur tarmoq asosan Kansay mintaqasida faoliyat yuritadi va sifatli hamda yuqori narx segmentidagi mahsulotlarni sotishga ixtisoslashgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish