O‘zbek mebel mahsulotlari AQShdagi yirik ko‘rgazmada namoyish etildi
Oktabr 27, 2026. 08:10 • 3 daq
• 139VASHINGTON, 27-oktabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning AQShdagi elchixonasi va O‘zbekiston mebel va yog‘ochsozlik sanoati korxonalari uyushmasi (“MEYOS”) ko‘magida “AIKO”, “IHLOS”, “Furniture” va “Yassi” kompaniyalari Shimoliy Karolina shtatida bo‘lib o‘tgan “High Point Market – 2026” xalqaro mebel va interer mahsulotlari ko‘rgazmasida qatnashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston elchixonasi ma’lumotiga ko‘r, 1909-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan “High Point Market” mebel sanoatining dunyodagi eng yirik savdo maydonchalaridan biri hisoblanadi. Ko‘rgazma yiliga ikki marta o‘tkazilib, 2 mingga yaqin ishlab chiqaruvchi va brendni birlashtiradi.
O‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar uchun “Bozor maydonidagi ko‘rgazma zallari” ko‘rgazma majmuasining xalqaro ta’minot pavilonida alohida ekspozitsiya tashkil etildi. “AIKO” uy va ochiq joylar uchun zamonaviy mebellarni, “IHLOS” mehmonxonalar, yotoqxonalar va oshxonalar uchun mebellarni, “Furniture” turli to‘plamlarni, “Yassi” esa restoranlar va ofislar uchun ergonomik mebellarni taqdim etdi.
Ko‘rgazma davomida AQSh va boshqa mamlakatlardan kelgan ulgurji xaridorlar, dizaynerlar va kompaniya vakillari o‘zbek mahsulotlarining sifati, dizayni, ishlab chiqarish imkoniyatlari va narxlari bilan tanishdi. Amerikalik ishtirokchilar ochiq joylar uchun mebellar, zamonaviy interer yechimlari va ofis jihozlariga alohida qiziqish bildirdi.
Alohida taqdimotlar va B2B formatidagi muzokaralar turli narx segmentlaridagi mahsulotlarning raqobatbardoshligi, individual buyurtmalar bo‘yicha mebel ishlab chiqarish va Amerika bozoriga yetkazib berish shartlariga bag‘ishlandi.
Eksportning amaliy masalalarini ishlab chiqish uchun O‘zbekiston tomoni AQShdagi diaspora vakillari va soha mutaxassislari bilan ham maslahatlashuvlar o‘tkazdi. Bojxona brokerlari, deklaratsiyalash va logistika bo‘yicha ekspertlar bilan yetkazib berish tartibi, bojxona rasmiylashtiruvi, import bojlari, transport xarajatlari va mahsulotlarni Amerika bozoriga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.
Mahalliy yuridik va konsalting kompaniyalari bilan uchrashuvlar Amerika qonunchiligining import qilinadigan mebellarga qo‘yiladigan talablari, sertifikatlash, markirovkalash va texnik muvofiqlik masalalariga bag‘ishlandi.
Muzokaralarda o‘zbek mahsulotlari namunalarini sinovdan o‘tkazish va ularning texnik talablar hamda xavfsizlik normalariga muvofiqligini tekshirish uchun AQShga yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Amerikalik importyorlar, distribyutorlar va savdo tarmoqlari vakillari bilan o‘zbek mebellarini Shimoliy Amerikada doimiy ravishda targ‘ib qilish imkoniyatlari muhokama qilindi. Xususan, “AIKO”, “IHLOS” va “Furniture” mahsulotlari uchun savdo uylari va ko‘rgazma zallarini tashkil etish, omborxonalardan foydalanish va mahalliy onlayn platformalar orqali savdoni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, AQSh va Kanadada doimiy yashovchi vatandosh tadbirkorlar bilan o‘zbek mebellarini Shimoliy Amerikada targ‘ib qilish va sotish bo‘yicha dilerlik shartnomalarini tuzish yuzasidan muzokaralar davom ettirilmoqda.
Tashrif davomida o‘zbekistonlik tadbirkorlar Amerikaning yetakchi mebel brendlari tajribasi, ularning distribyutorlik tizimlari, zamonaviy savdo usullari, mahsulot dizayni, qadoqlash, marketing va sotuvdan keyingi xizmat ko‘rsatish jarayonlarini o‘rgandi.
Keyingi ishlar sinov partiyalarini yetkazib berish, mahsulotlarni Amerika bozori talablariga moslashtirish, dilerlik shartnomalarini rasmiylashtirish va doimiy savdo kanallarini yaratishga qaratiladi.
“High Point Market” ko‘rgazmasida ishtirok etish o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarga o‘z mahsulotlarini xorijlik xaridorlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri taqdim etish va eksport hamkorligining istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash imkonini berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


