O‘zbekistonning hunarmandchilik va uy-ro‘zg‘or buyumlari Germaniya bozorida namoyish etilmoqda

Oktabr 27, 2026. 11:00 • 2 daq

• 199

BЕRLIN, 27-oktabr. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning yirik chakana savdo tarmoqlariga qarashli “OTTO” va “Kaufland” marketpleyslarida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan chinni va keramika idishlar, oshxona anjomlari hamda xalq hunarmandchiligi buyumlari xaridorlarga taklif etilmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Taqdim etilgan mahsulotlarda qo‘l mehnati, an’anaviy naqshlar va sharqona bezaklarga alohida e’tibor qaratilgan. “OTTO” internet-platformasida toshkentlik naqqoshlar uslubidagi “Paxta guli” chinni choy to‘plamlari, Rishton laganlari va kosalari, namanganlik ustalarning milliy pichoqlari hamda cho‘yan qozonlar savdoga qo‘yilgan. Shuningdek, yetti predmetdan iborat choy servizi va keramik likoplar ham xaridorlarga taqdim etilmoqda. 

Nemis tilidagi mahsulot tavsiflarida Rishton keramikasiga xos havorang tuslar, nozik sirlama (glazur) va naqshlar, har bir buyumning qo‘lda bo‘yalgani alohida qayd etilgan. Bu idishlar kundalik foydalanish, mehmonlarni qabul qilish, uyni bezatish va sovg‘a sifatida tavsiya etiladi.

“Kaufland” onlayn-platformasida esa turli hajmdagi, jumladan, 8–22 litrli o‘zbek cho‘yan qozonlari va o‘choqlari taklif qilinmoqda. Sotuvchilar ularning mustahkamligi, issiqlikni uzoq saqlab turishi va turli taomlarni tayyorlash uchun qulayligini ta’kidlaganlar. Xaridorlarning qoldirgan izohlarida ham qozonlarning amaliy jihatlari yuqori baholangan.

O‘zbekiston tovarlarining Germaniya chakana savdo tizimida o‘z o‘rnini topishi mamlakatimiz mahsulotlarini Yevropa bozorida ilgari surish imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Bunda milliy dizayn, xavfsizlik va sifat bo‘yicha ishonchli ma’lumotlar, shuningdek, yetkazib berish hamda qaytarish shartlari muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish