Pokiston kompaniyalari Qoraqalpog‘istonda sport anjomlari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirishga qiziqish bildirdi

Iyul 08, 2026. 20:30 • 2 daq

129

SIALKOT, 8-iyul. /“Dunyo” AA/. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi raisi Farhod Ermanov va O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Pokistonning sport anjomlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik kompaniyalarni birlashtirgan Sialkot shahriga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif davomida futbol to‘plari va sport anjomlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Leather Ware” kompaniyasi direktori Sayid Rahim Hussayin, “Silver Star” kompaniyasi raisi Jahongir Iqbol va “Wembley Sports LTD” bosh direktori Tohir Nadim bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Uchrashuvlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining investitsiya salohiyati, hududda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay biznes muhiti, amal qilayotgan soliq va bojxona imtiyozlari, shuningdek, sanoat loyihalarini amalga oshirish uchun mavjud imkoniyatlar yuzasidan batafsil taqdimotlar o‘tkazildi.

Muzokaralar davomida respublikada sport anjomlariga bo‘lgan talab, ayniqsa, umumtaʼlim maktablari va maktabgacha taʼlim muassasalari ehtiyojlari uchun har yili taxminan 500 ming dona futbol to‘piga ehtiyoj mavjudligi qayd etildi. Shu munosabat bilan mahalliylashtirish darajasini oshirish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport salohiyatini kengaytirish maqsadida Qoraqalpog‘iston hududida qo‘shma ishlab chiqarishni tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Shuningdek, Pokiston kompaniyalariga ishlab chiqarish quvvatlarini Qoraqalpog‘istonga ko‘chirish va qo‘shma korxona tashkil etish bo‘yicha aniq takliflari bildirildi. Loyihalarni amalga oshirish uchun yer uchastkasi ajratilishi va korxonani zarur muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan to‘liq taʼminlashga tayyor ekanligi maʼlum qilindi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda ishlab chiqarish faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali qulay logistika imkoniyatlaridan foydalanish, shuningdek, MDH davlatlari o‘rtasidagi amaldagi kelishuvlar asosida Rossiya va boshqa mintaqaviy bozorlarga mahsulotlarni bojsiz eksport qilish imkoniyatlari mavjudligi taʼkidlandi.

Kompaniyalar rahbariyati Qoraqalpog‘istonda investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlarni yuqori baholab, taqdim etilgan takliflarni atroflicha o‘rganish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyorligi tasdiqladi.

Bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar yakunida bildirilgan tashabbuslarni amaliy bosqichga olib chiqish maqsadida “Leather Ware” va “Silver Star” kompaniyalari delegatsiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish