O‘zbekistonda 2010–2024-yillarda har bir band bo‘lgan shaxsga to‘g‘ri keladigan YIM ikki hissaga oshdi
Oktabr 15, 2026. 09:00 • 2 daq
• 81
TOKIO, 15-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning mehnat unumdorligi to‘g‘risidagi statistik ma’lumotlari ilk bor Osiyo mahsuldorlik tashkilotining (APO) yillik xalqaro nashri – “APO Productivity Databook” to‘plamiga kiritildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur nashrga O‘zbekiston bilan bir qatorda Markaziy Osiyoning qolgan to‘rtta davlati ham kiritildi. Ularning ko‘rsatkichlari tadqiqot bilan qamrab olingan Osiyo mintaqasidagi 38 ta davlat bilan qiyosiy tahlil qilish uchun yagona statistik bazada taqdim etildi.
Hisobotlarga ko‘ra, O‘zbekiston mehnat unumdorligini oshirish borasida Osiyoda eng yuqori natijalarni ko‘rsatmoqda. 2010–2024-yillarda har bir band bo‘lgan shaxsga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot (YIM) 14 ming 400 dollardan 28 ming 900 dollargacha, ya’ni ikki hissaga oshgan. Ushbu ko‘rsatkichning o‘rtacha yillik o‘sish sur’ati 2015–2019-yillarda 5,6 foizni (38 ta iqtisodiyot orasida 5-o‘rin), 2019–2024-yillarda esa 3,4 foizni (7-o‘rin) tashkil etdi. Umuman olganda, 2010–2024-yillar davomida o‘rtacha yillik o‘sish sur’ati qariyb 5 foizni tashkil etib, O‘zbekistonga Xitoy va Bangladeshdan keyin 38 ta Osiyo iqtisodiyoti orasida 3-o‘rinni egallash imkonini berdi.
Shuningdek, iqtisodiyotda ijobiy tarkibiy o‘zgarishlar kuzatilgani qayd etildi. Agar 2010-yilda qishloq xo‘jaligining ulushi 26,8 foizni, sanoatning ulushi esa 11,5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yilga kelib qishloq xo‘jaligining ulushi 18,2 foizga kamaydi, sanoat ulushi esa 20,5 foizga o‘sdi. Tashkilot vakillarining baholashicha, bu o‘zgarishlar hukumatning iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va sanoat sektorini rivojlantirish borasidagi chora-tadbirlari samaradorligini aks ettiradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi