Abu-Dabida ekologiya va barqaror rivojlanish sohasida O‘zbekiston-BAA hamkorligi istiqbollari muhokama qilindi
Iyun 08, 2026. 10:55 • 2 daq
• 1
ABU-DABI, 8-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Umid Shodiyev Birlashgan Arab Amirliklarining Iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit vaziri Amna bint Abdulla Al Daxaki bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralar davomida tomonlar O‘zbekiston va BAA o‘rtasida atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish hamda barqaror taraqqiyotni ta’minlash sohalaridagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildilar.
Unda O‘zbekiston tomoni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ekologik islohotlar, jumladan, Orol dengizining qurigan tubidagi 2 million gektardan ziyod maydonda himoya o‘rmonzorlarini barpo etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar hamda milliy rivojlanish strategiyalari doirasida “yashil” iqtisodiyotga o‘tish chora-tadbirlari to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston 2030-yilga borib energetika balansida qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 54 foizga yetkazishni va issiqxona gazlari chiqindilarini sezilarli darajada kamaytirishni rejalashtirayotgani ta’kidlandi. Shu nuqtayi nazardan, BAA bilan quyosh, shamol va vodorod energetikasi sohalarida hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekani bildirildi.
Shuningdek, tomonlar suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, suvni chuchuklashtirish va oqova suvlarni qayta ishlash masalalari yuzasidan fikr almashdilar. O‘zbekistonning zamonaviy irrigatsiya tizimlarini, xususan, tomchilatib sug‘orishni qo‘llash borasida salmoqli tajribaga ega ekani qayd etildi.
Bundan tashqari, Orolbo‘yi va Qizilqum mintaqasidagi ekologik chaqiriqlarni inobatga olgan holda cho‘llanishga qarshi kurashish, ekotizimlarni tiklash va o‘rmonlarni ko‘paytirish dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim kun tartibi sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, ilmiy-ekspert va ta’lim aloqalarini kengaytirish, shuningdek, ekoturizm, tabiiy resurslarni barqaror boshqarish hamda oziq-ovqat xavfsizligi sohalarida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi