Frankfurt-Mayn shahrida O‘zbekiston fuqarolarini Germaniya mehnat bozoriga tartibli va xavfsiz jalb etish masalalari muhokama qilindi
Iyun 08, 2026. 09:25 • 2 daq
• 143
FRANKFURT-MAYN, 8-iyun. /“Dunyo” AA/. Frankfurt-Mayn shahri Savdo-sanoat palatasida O‘zbekiston fuqarolarini Germaniya mehnat bozoriga tartibli va xavfsiz jalb etishni kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Palataning xalqaro munosabatlar bo‘yicha direktori doktor Yurgen Ratsinger raisligida o‘tgan yig‘ilishda Germaniya tomonidan tashkilot mas’ullari va mamlakatning xizmat ko‘rsatish sohasidagi eng yirik tuzilmalaridan biri — “WISAG” kompaniyasi rahbariyati ishtirok etdi. O‘zbekiston tomonidan tadbirda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining Germaniya bo‘yicha faxriy vakili Gulnora Salimova va vitse-konsul Bekzod Abdullayev qatnashdilar.
Muloqot davomida O‘zbekistonda kadrlarni Germaniya mehnat bozori talablariga mos tayyorlash, til o‘rgatish va tashkiliy tarzda ishga joylashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berildi. O‘z navbatida, “WISAG” kompaniyasi vakili Neboysha Biskup hozirgi kunda nemis korxonalarida muvaffaqiyatli mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik ishchilarning malakasi, odobi va intizomiga yuqori baho berib, hamkorlikni kengaytirishga qiziqish bildirdi.
Shu bilan birga, uchrashuvda mutaxassislarga Germaniya vizasini rasmiylashtirish jarayoni uzoq vaqt olayotgani va bu holat ish sur’atiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etilib, palata vakillari ushbu muammoni bartaraf etish choralarini ko‘rishni taklif qildilar.
Uchrashuv yakunida nemis tilini o‘zlashtirgan o‘zbekistonlik mutaxassislar haqidagi ma’lumotlarni xorijiy hamkorlarga taqdim etish yuzasidan dastlabki kelishuvga erishildi. Shuningdek, nemis tomoni yurtdoshlarimizga Germaniya vizasini rasmiylashtirishda yuzaga kelayotgan tizimli muammolarni o‘rganib, ularni hal etish choralarini ko‘rib chiqishini ma’lum qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi