Xitoyda o‘tgan xalqaro AKT tanlovida O‘zbekiston jamoalari sovrindor bo‘ldi
Iyun 08, 2026. 08:55 • 2 daq
• 121SHENCHJEN, 8-iyun. /“Dunyo” AA/. Xitoyning Shenchjen shahrida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Huawei ICT Competition 2025–2026” xalqaro tanlovining final bosqichi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Huawei ICT Competition 2025–2026” – jahonning yetakchi oliy o‘quv yurtlari talabalari va o‘qituvchilarini birlashtiruvchi AKT sohasidagi yirik xalqaro ta’lim loyihalaridan biri hisoblanadi. Tanlov ishtirokchilarga kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalarni takomillashtirish, ilg‘or raqamli texnologiyalardan foydalangan holda innovasion yechimlarni ishlab chiqish imkoniyatini taqdim etadi.
Loyiha Xitoyning milliy talabalar musobaqalari ro‘yxatiga kiritilgan va YUNYESKO Global malakalar akademiyasining flagman dasturi sifatida tan olingan.
Musobaqalar uch bosqichda – milliy, mintaqaviy va xalqaro miqyosda o‘tkazildi. B ugalgi mavsumda dunyoning yuzdan ortiq mamlakatidagi 2 mingdan ziyod oliygohdan 210 mingdan ortiq talaba qatnashdi.
Tanlovda O‘zbekiston sharafini Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi Inha universiteti hamda Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti jamoalari himoya qildi.
Ishtirokchilar o‘ndan ortiq tanlov yo‘nalishlari doirasida sun’iy intellekt, bulutli hisoblash, va boshqa zamonaviy raqamli texnologiyalarni qo‘llagan holda dolzarb ijtimoiy va tijoriy masalalarning texnologik yechimlarini ishlab chiqdi.
Xitoy, Turkiya, Shveysariya, Chili, Pokiston, Misr, Qatar, Nigeriya kabi 40 dan ortiq davlatdan 179 ta jamoa ishtirok etgan bellashuv yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston vakillari yuqori natijalarni qayd etdi.
Xususan, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti jamoasi “Practice Competition – Network Track” yo‘nalishida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi Inha universiteti va Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetining birlashgan jamoasi esa “Practice Competition – Cloud Track” yo‘nalishida uchinchi o‘rinni egalladi.
Qo‘lga kiritilgan natijalar o‘zbekistonlik mutaxassislarning axborot texnologiyalari sohasida yuqori darajada tayyorlangani va ularning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligining navbatdagi tasdig‘i bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

