O‘zbekiston–Pokiston: charm sanoatida yangi istiqbolli investitsiya loyihalari amalga oshiriladi
Iyun 08, 2026. 09:55 • 3 daq
• 120
ISLOMOBOD, 8-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning yirik charm mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Shafiq Brothers” kompaniyasi rahbari Najib Ulla bilan videokonferensaloqa shaklida muzokara o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot davomida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy kooperatsiyani yanada kengaytirish, xususan, charm sanoatida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekistonda qoramol, qo‘y va echki terilarini to‘liq va yarim tayyor holatda qayta ishlash, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hamda ularni ichki va tashqi bozorlarga yetkazib berish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Najib Ullaning aytishicha, u O‘zbekiston bozori bilan uzoq yillardan buyon hamkorlik qilib kelmoqda. Xususan, 2012-yilda mamlakatda teri xomashyosining eksport-import operatsiyalariga ixtisoslashgan “Khawar Enterprises” kompaniyasi tashkil etilgan.
“So‘nggi yillarda O‘zbekistonda tadbirkorlik subyektlari, ayniqsa, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhiti, soliq va bojxona imtiyozlari, investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar kompaniyaning mamlakatdagi faoliyatini kengaytirishga turtki bo‘ldi. Shu munosabat bilan, 2021-yilda Toshkent shahrida “Pak Charm” kompaniyasi tashkil etilib, dastlabki bosqichda teri xomashyosidan “wet blue” mahsulotini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi”, – deydi u.
Pokistonlik tadbirkor, kompaniya tomonidan mazkur korxona uchun xorijdan taxminan 200 ming AQSH dollari qiymatidagi zamonaviy texnologiya va uskunalar olib kelinganini bildirdi. Mazkur korxona qisqa vaqt ichida samarali faoliyat yuritib, ishlab chiqarilgan mahsulotlarning qariyb 40 foizini ichki bozorga, qolgan 60 foizini esa tashqi bozorlarga eksport qilishga erishgan.
Kompaniya rahbari hozirgi kunda ishlab chiqarish quvvatlarini yanada kengaytirish va korxonani Toshkent shahridan ko‘chirish ustida ish olib borayotganini ma’lum qildi. Xususan, kelgusida kuniga 3 ming donagacha qoramol va qo‘y terisini qayta ishlash imkoniyatiga ega zamonaviy korxonani ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Yangi loyiha doirasida charm qo‘lqoplar, qishki kiyimlar va boshqa tayyor charm mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi, ushbu mahsulotlarni MDH mamlakatlari hamda boshqa xorijiy bozorlarga eksport qilish nazarda tutilyapti.
Tomonlar mazkur investitsiya loyihasini Toshkent viloyati hududiga joylashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Viloyatning qulay logistik imkoniyatlari, mehnat resurslari, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish uchun mavjud sharoitlar haqida so‘z yuritildi.
Muzokaralar yakunida pokistonlik investor ushbu taklifni qo‘llab-quvvatlashini bildirib, loyihani amaliy jihatdan tezlashtirish maqsadida O‘zbekistonga xizmat safari bilan borishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Mazkur loyihaning to‘liq ishga tushirilishi O‘zbekiston charm sanoatining raqobatbardoshligini oshirish, mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash darajasini kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va eksport hajmini ko‘paytirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi