Berlinda O‘zbekiston mustaqilligining 35-yilligiga bag‘ishlangan ko‘rgazma ochildi
Sentabr 29, 2026. 09:00 • 2 daq
• 16BERLIN, 29-sentyabr. /»Dunyo» AA/. Berlindagi «Q Gallery Berlin» galereyasida O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35-yilligiga bag‘ishlangan «O‘zgarishlar nafasi: o‘zbek-german madaniy almashinuvi» nomli ko‘rgazmaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Tadbirda Germaniya Bundestagi va Tashqi ishlar vazirligi vakillari, diplomatlar, madaniyat va san’at arboblari, shuningdek, keng jamoatchilik va san’at muxlislari ishtirok etdilar.
Mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi tomonidan «Q Gallery Berlin» va «Cultur-Cooperation International e.V.» jamiyati bilan hamkorlikda tashkil etilgan ekspozitsiyadan mashhur germaniyalik rassomlar Sibelle fon Proyssen va Frank Ryodelning O‘zbekistonga bag‘ishlangan ijodiy ishlari hamda suratlari o‘rin oldi.
O‘zbekiston elchisi Dilshod Ahatov o‘z nutqida mazkur madaniy tadbir ishtirokchilarini qutlab, Germaniyaning taniqli rassomlari ijodida yurtimizning boy madaniy merosi o‘z ifodasini topgani ikki tomonlama aloqalarning yana bir yorqin namunasi ekanini ta’kidladi. Shuningdek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda san’at va madaniyat sohasida ulkan yutuqlarga erishilayotgani, xususan, Buxoro xalqaro san’at biyennalesi hamda yangidan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi xalqaro miqyosda katta e’tirofga sazovor bo‘layotgani qayd etildi.
Germaniya Tashqi ishlar vazirligining Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha bosh direktori o‘rinbosari, doktor Yoaxim Bertele O‘zbekiston xalqini mustaqillik ayyomi bilan tabriklab, bunday ko‘rgazmalar ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada boyitish va xalqlar o‘rtasida yaqin ko‘prik qurishga xizmat qilishini bildirdi. Germaniya Bundestagi deputati, «Germaniya — Markaziy Osiyo» parlamentlararo do‘stlik guruhi raisining o‘rinbosari Tobias Vinkler esa O‘zbekiston jahon sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan qadimiy ilm-fan va madaniyat markazi ekanini ta’kidlab, ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotganini qayd etdi.
Tadbir davomida rassomlar Frank Ryodel va Sibelle fon Proyssen O‘zbekistonga qilgan safarlari va ularning ijodiga mamlakatimizning boy tarixiy merosi qanday kuchli ilhom bag‘ishlagani haqida o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar.
Ochilish marosimi milliy raqslar ijro etilgan konsert dasturi bilan davom etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi






