Berlinda “Markaziy Osiyo gavhari – O‘zbekiston” taqdimoti o‘tkazildi
May 03, 2026. 13:30 • 2 daq
• 474BERLIN, 3-may. /“Dunyo” AA/. Germaniya poytaxtida “Markaziy Osiyo gavhari – O‘zbekiston” mavzusida turistik taqdimot tadbiri bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert Kristian Grosse O‘zbekistonga qilgan safari davomida olgan taassurotlari, o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi, tarixiy shaharlari, milliy anʼanalari va bugungi o‘zgarishlari haqida so‘z yuritdi.
O‘zbekiston elchisi Dilshod Axatov mamlakatimizning boy madaniy merosi, Ipak yo‘li tarixida muhim o‘rin tutgan shaharlarning sayyohlik va madaniy salohiyati haqida to‘xtaldi. U Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, ochiq tashqi siyosat, iqtisodiy modernizatsiya va xorijiy investitsiyalar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida ham maʼlumot berdi.
Ikki mamlakat o‘rtasida migratsiya, iqtisodiyot, investitsiya, transport, taʼlim, madaniyat va gumanitar sohalardagi hamkorlik kengayib borayotgani va yangi bosqichga ko‘tarilayotgani qayd etildi. Shu bilan birga, Islom sivilizatsiyasi markazi xalqimizning boy diniy-maʼnaviy va ilmiy-maʼrifiy merosini chuqur o‘rganish hamda uni dunyoga targ‘ib etishga xizmat qiladigan yirik madaniy-maʼrifiy majmua sifatida eʼtirof etildi.
„San‘at Forum für Kunst und Wissenschaft“ bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirning madaniy qismida musiqa va raqs dasturi namoyish etildi. O‘zbek milliy raqslari mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otib, tadbirga bayramona ruh bag‘ishladi.
O‘zbek xalq amaliy sanʼatining qadimiy anʼanalari — kashtachilik, zardo‘zlik, kulolchilik, milliy matolar, ipakchilik, miniatyura sanʼati va qo‘l mehnati asosida yaratilgan mahsulotlar tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Uchrashuvda miniatyura sanʼati va anʼanaviy qog‘oz tayyorlash madaniyatiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Taʼkidlanganidek, miniatyura sanʼati 2020-yilda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Eron va Turkiya nomidan YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan.
Mazkur taqdimot Germaniya jamoatchiligiga O‘zbekistonni yana-da yaqindan tanitish, mamlakatning madaniy merosi va sayyohlik salohiyatiga qiziqishni oshirish, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy muloqotni mustahkamlashga xizmat qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi

