Berlinda o‘zbek milliy oshxonasiga bag‘ishlangan gastronomik tadbir bo‘lib o‘tdi
Noyabr 03, 2026. 15:00 • 2 daq
• 16BЕRLIN, 3-noyabr. /“Dunyo” AA/. Germaniya poytaxtida mamlakatimiz davlat mustaqilligining 35 yilligi hamda “San'at Forum für Kunst, Kultur und Wissenschaft e.V.” jamiyati tashkil topganining bir yilligiga bag‘ishlangan “O‘zbekistonga gastronomik sayohat” madaniy-ma’rifiy tadbiri bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“KochRaum Instinct” gastronomik va madaniy markazida o‘tkazilgan ushbu kechada nemis jamoatchiligi vakillari, o‘zbek milliy oshxonasi, san’ati va madaniyati muxlislari hamda jamiyat faollari ishtirok etdilar.
Tadbirning asosiy maqsadi nemis mehmonlarini o‘zbek xalqining boy kulinar merosi, milliy qadriyatlari va mehmondo‘stlik an’analari bilan yaqindan tanishtirish.
Dasturning markaziy voqeasi o‘zbek milliy oshxonasining shoh taomi – palov tayyorlash bo‘yicha mahorat darsi bo‘ldi. O‘zbekistonning Berlindagi elchixonasi oshpazi mehmonlarga palovni tayyorlashning an’anaviy jarayonini namoyish etib, masalliqlarni tanlash, ularni qayta ishlash va tayyorlashning o‘ziga xos sirlari haqida batafsil so‘zlab berdi.
Mahorat darsi davomida “San'at Forum” jamiyati rahbari Zuhra Rahmatova nemis tilida osh tayyorlashning har bir bosqichini sharhlab bordi. U ishtirokchilarni palov tarixi, uning mintaqaviy turlari, shuningdek, milliy urf-odat va mehmondo‘stlik an’analaridagi o‘rni bilan tanishtirdi.
Tadbirda palov o‘zbek xalqining birlik, hamjihatlik va bag‘rikenglik qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan madaniy merosi ekani alohida ta’kidlandi. Ushbu taomni tayyorlash va iste’mol qilish bilan bog‘liq an’analar YUNЕSKOning Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan.
Kechaning madaniy dasturi ham juda boy o‘tdi. Mehmonlarga o‘zbek milliy musiqa asarlari va raqslari taqdim etilib, mamlakatimiz madaniy merosining rang-barangligi namoyish qilindi. Shuningdek, milliy oshxona, palov tayyorlash an’analari, tarixiy-madaniy meros va san’atga bag‘ishlangan videoroliklar namoyish etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



