Maykl Lopes-Alegria: O‘zbekiston koinot sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun katta salohiyatga ega

Oktabr 20, 2026. 14:30 • 2 daq

• 118
Maykl Lopes-Alegria: O‘zbekiston koinot sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun katta salohiyatga ega

SAMARQAND, 20-oktabr. /“Dunyo” AA/. Amerikalik astronavt-tadqiqotchi, “Axiom Space” kompaniyasi bosh astronavti Maykl Lopes-Alegria “Dunyo” AA muxbiri bilan suhbatda O‘zbekistondagi investitsiya muhiti va kosmik texnologiyalar sohasidagi hamkorlik istiqbollari haqida fikr almashdi.

– “Axiom Space” – kosmik infratuzilmani rivojlantirish bilan shug‘ullanuvchi kompaniya. Biz skafandrlar va kosmik stansiyani ishlab chiqamiz va yaratamiz. Shuningdek, Xalqaro kosmik stansiyaga xususiy boshqariladigan missiyalarni amalga oshiramiz. Biz O‘zbekistonni ushbu xalqaro hamkorlikning bir qismi sifatida ko‘rishdan juda mamnun bo‘lardik.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zbekistonlik astronavtni koinotga yuborish niyatini bildirdi. Biz xususiy kosmik missiyalarimizdan birida O‘zbekiston vakilini qabul qilishga tayyormiz.

Bugungi kunga qadar biz 11 mamlakatdan 12 nafar mijoz ishtirok etgan to‘rtta shunday missiyani amalga oshirdik. Biz dasturlarimiz geografiyasini kengaytirishni davom ettirishni va O‘zbekistonni xalqaro boshqariladigan kosmik missiyalarda ishtirok etadigan davlatlar qatoriga qo‘shishni istaymiz. Bu kosmik hamkorlikni rivojlantirishda muhim qadam bo‘lib, yuqori texnologiyalar sohasida o‘zaro hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

Bugungi kunda O‘zbekiston biznes va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlarni faol izlamoqda. B2B va B2G formatlarida o‘zaro hamkorlik qilish uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda. Bu investitsiyalarni jalb qilish va uzoq muddatli ishbilarmonlik hamkorligini rivojlantirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston keng imkoniyatlarga ega va xorijiy kompaniyalar biznes yuritishi uchun juda istiqbolli joy, deb hisoblayman. Bu yerda yangi loyihalarni amalga oshirish, texnologik sheriklikni rivojlantirish va xalqaro hamkorlarni jalb qilish uchun zarur barcha shart-sharoitlar mavjud.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish