Kino sohasida boshqaruvni tubdan isloh qilish rejalashtirilmoqda
Oktabr 26, 2026. 19:40 • 3 daq
• 8
TOSHKЕNT, 26-oktabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun kino sohasiga zamonaviy boshqaruv usullarini joriy qilish va “O‘zbekfilm” milliy kino brendini yaratish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, kino san’ati jamiyatning ijtimoiy-ma’naviy hayotida muhim o‘rin tutadi. U mamlakatning tarixi, milliy qadriyatlari va zamonaviy taraqqiyotini keng jamoatchilikka yetkazishda samarali vosita hisoblanadi.
Oxirgi yillarda ushbu sohaga e’tibor tubdan kuchaydi. Prezidentning 10 ta farmon va qarorlari qabul qilindi, o‘tgan o‘n yilda kino ishlab chiqarishni budjetdan qo‘llab-quvvatlash hajmi karrasiga oshdi.
Sohada davlat monopoliyasi tugatilib, xususiy kinostudiyalarning faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Tarixiy shaxslar va milliy o‘zlikni anglashga qaratilgan asarlar suratga olinib, zamonaviy kinopavilonlar tashkil qilindi. Xorijiy davlatlar bilan yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbari amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, sohada kamchiliklar saqlanib qolayotganini ta’kidladi. Xususan, buyuk o‘zbek rejissyorlari asos solgan chuqur psixologik va falsafiy o‘zbek kino maktabi susayib, yuzaki syujetli filmlar ko‘paygani, sifatli ssenariylar yetishmayotgani hamda operatorlik, ovoz rejissyorligi va montaj sohasidagi avlodlar uzilishi yuzaga kelgani ko‘rsatib o‘tildi.
O‘rganishlar hozirda ishlab chiqarilishi belgilangan 181 ta loyihada mavzu va davrlarning qaytarilishi, ijodkorlarning bir vaqtning o‘zida bir nechta loyihalardagi ishtiroki, ayrim studiya va ijodiy guruhlar yetarli tajribaga ega emasligini ko‘rsatdi.
Agentlik faoliyati samaradorligining asosiy ko‘rsatkichlari suratga olinayotgan filmlarning ommabopligi, tomoshabinlarning e’tirofi emas, balki tasdiqlangan rejani bajarishdan iborat bo‘lib qolgani qayd etildi. Qolaversa, filmlarning marketingi, distributsiya va xalqaro sotuvi bo‘yicha tizim yo‘lga qo‘yilmagan.
Taqdimotda kino sohasiga zamonaviy boshqaruv usullarini joriy qilish va “O‘zbekfilm” milliy kino brendini yaratish maqsadida qator tashabbuslar bildirildi. Xususan, Kinematografiya agentligi, uning tizimidagi 19 ta tashkilot va Kinematografiya jamg‘armasini tugatish, ularning vakolatlarini Madaniyat vazirligiga o‘tkazish, bo‘shagan binolarni auksionda sotuvga chiqarish taklif qilindi.
Madaniyat vazirligi muassisligida “O‘zbekfilm” milliy kinokompaniyasi tashkil etilib, sohadagi bosh operator etib belgilanadi. Kino mahsulotlarini ishlab chiqarishda davlat buyurtmasi tizimi bekor qilinib, loyihalar kompaniya tomonidan unga ajratiladigan budjet subsidiyalari orqali moliyalashtiriladi.
Shuningdek, Dolby Atmos texnologiyasi asosida ovoz studiyasi bilan jihozlangan zamonaviy Dublyaj va ovozlashtirish markazi tashkil etish, milliy onlayn kinoplatforma ishlab chiqib, mahsulotlarni monetizatsiya qilish imkoniyatini yaratish ko‘zlanmoqda.
Davlatimiz rahbari bildirilgan takliflarni ma’qullab, kino sohasida zamonaviy boshqaruv usullarini joriy qilishni jadallashtirish, sohada ijodiy erkinlikni ta’minlash, sifatli ssenariylar va hayotiy syujetlarga boy filmlarni suratni olish ishlarini kengaytirish, xalqaro darajada o‘zbek kino maktabining dovrug‘ini tiklash yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi