Budapeshtda “Digital Uzbekistan” taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Iyul 30, 2026. 16:00 • 2 daq

29
Budapeshtda “Digital Uzbekistan” taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Budapeshtda “Digital Uzbekistan” taqdimoti bo‘lib o‘tdi

BUDAPESHT, 30-iyul. /“Dunyo” AA/. Budapesht shahrida O‘zbekistonning raqamli salohiyati va IT sohasidagi imkoniyatlarini namoyish etishga qaratilgan “Digital Uzbekistan” taqdimot tadbirlari bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mamlakatimizning Vengriyadagi elchixonasi hamda “IT Park Uzbekistan” hamkorligida tashkil etilgan tadbirda AKT, sunʼiy intellekt, kiberxavfsizlik, fintex, telekommunikatsiyalar va innovatsiyalar sohalarida faoliyat yuritayotgan ko‘plab kompaniya hamda tashkilot vakillari ishtirok etdi.

Taqdimot davomida O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, IT sohasida yaratilgan imkoniyatlar, “IT Park Uzbekistan” faoliyati, mamlakatning investitsion salohiyati hamda mahalliy startaplarning innovatsion yechimlari haqida maʼlumot berildi.

Tadbir doirasida tashkil etilgan B2B formatidagi uchrashuvlarda O‘zbekiston va Vengriya kompaniyalari o‘rtasida raqamli texnologiyalar, sunʼiy intellekt, kiberxavfsizlik, fintex, investitsiyalar va startap ekotizimini rivojlantirish yo‘nalishlaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

“Digital Uzbekistan” taqdimoti Vengriyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar uchun ham tashkil etildi. Unda axborot texnologiyalari, raqamli yechimlar, telekommunikatsiyalar, taʼlim va tadbirkorlik sohalarida faoliyat olib borayotgan o‘zbekistonliklar qatnashdi.

Uchrashuv davomida vatandoshlarga O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, IT sohasiga ko‘rsatilayotgan davlat ko‘magi, “IT Park Uzbekistan” imkoniyatlari, mahalliy startaplarning xalqaro bozorlarga chiqish istiqbollari haqida maʼlumot taqdim etildi.

Mazkur taqdimot O‘zbekistonning raqamli transformatsiya jarayonlarini xalqaro hamjamiyatga tanitish, xorijiy hamkorlar bilan aloqalarni kengaytirish va innovatsion loyihalar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish