O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi tomonidan Izboskandagi texnikumlarga maxsus kiyimlar taqdim etildi

Avgust 28, 2026. 10:30 • 2 daq

94
O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi tomonidan Izboskandagi texnikumlarga maxsus kiyimlar taqdim etildi

ISLOMOBOD, 28-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning mustaqilligining 35 yilligi arafasida mamlakatimizning Pokistondagi elchixonasi tomonidan Andijon viloyati Izboskan tumanidagi 1-, 2- va 3-son kasb-hunar texnikumlariga beg‘araz grant ko‘magi sifatida 35 ta maxsus kiyim va shaxsiy himoya vositalari taqdim etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashabbus mamlakatimizda professional taʼlim tizimini yanada takomillashtirish, yoshlarni zamonaviy va bozor talabiga mos kasb-hunarlarga tayyorlash, ularning amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan saʼy-harakatlarning amaliy ifodasidir.

Taqdim etilgan maxsus kiyim va shaxsiy himoya vositalari texnikum o‘quvchilari uchun amaliy mashg‘ulotlar va ishlab chiqarish taʼlimi jarayonlarini xavfsiz, tartibli va samarali tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Yoshlarning tanlagan kasbi bo‘yicha dastlabki amaliy tajriba orttirish jarayonida maxsus kiyimlarning o‘rni beqiyos. Ular nafaqat o‘quvchilarning tashqi ko‘rinishidagi tartib-intizomni taʼminlaydi, balki ularda mehnat madaniyati, masʼuliyat hissi, kasbiy etika va tanlagan mutaxassisligiga hurmat tuyg‘usini shakllantiradi.

Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarga sifatli taʼlim berish, ularning zamonaviy kasblarni egallashi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, ayniqsa, professional taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Shu maʼnoda, O‘zbekistonning Pokistondagi diplomatik vakolatxonasi tomonidan ko‘rsatilgan grant yordami taʼlim muassasalari imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.

O‘z navbatida, Izboskan tumanidagi 1-, 2- va 3-son kasb-hunar texnikumlari rahbariyati loyihani yuqori baholab, ushbu yordam texnikum o‘quvchilarining o‘zlari tanlagan yo‘nalishlarni yanada mukammal egallashlarida muhim omil bo‘lishini taʼkidladi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish