Vanessa Axuja: Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik kelgusida ham o‘zaro manfaatlar asosida yanada rivojlansin

18
Vanessa Axuja: Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik kelgusida ham o‘zaro manfaatlar asosida yanada rivojlansin

BERLIN, 28-avgust. /“Dunyo” AA/. Germaniya Federal mehnat agentligi boshqaruv aʼzosi va xalqaro masalalar bo‘yicha direktor Vanessa Axuja O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabriklari va ezgu tilaklarini yo‘lladi:

– O‘zbekiston so‘nggi yillarda ulkan taraqqiyotga erishdi. Ayniqsa, iqtisodiyotni liberallashtirish, infratuzilmani rivojlantirish, taʼlim va sog‘liqni saqlash sohalariga kiritilayotgan investitsiyalarni alohida taʼkidlash lozim. Shu bilan birga, mamlakatning xalqaro hamkorlikka tobora keng ochilib borayotgani muhim ahamiyatga ega.

Yevropa davlatlari, jumladan, Germaniya bilan sheriklikning kengayishi, ayniqsa, mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik ikki tomon uchun ham yangi imkoniyatlar yaratmoqda.

Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanmoqda. Federal mehnat agentligi ham ushbu jarayonga muhim hissa qo‘shib kelmoqda.

Xususan, agentligimiz Germaniya–O‘zbekiston migratsiya sohasidagi kelishuvni amalga oshirish mexanizmini shakllantirishda faol ishtirok etmoqda. 2025 yil bahorida O‘zbekiston Migratsiya agentligi bilan Germaniyaga adolatli va tartibli mehnat migratsiyasini rivojlantirishga qaratilgan kelishuv imzolandi.

Bu boradagi amaliy loyihalardan biri – “Future International Talents for German Climate Businesses” (FIT) dasturidir. Mazkur loyiha orqali O‘zbekistondan malakali mutaxassislarni, xususan, tabiatni muhofaza qilish bilan bog‘liq texnik va hunarmandchilik sohalarida Germaniya mehnat bozoriga jalb etish nazarda tutiladi.

Shuningdek, APAL – Osiyo va Lotin Amerikasi mamlakatlari bilan kasbiy taʼlim sohasidagi hamkorlik dasturi doirasida yoshlarga Germaniyada texnik, ishlab chiqarish va hunarmandchilik yo‘nalishlari bo‘yicha dual kasbiy taʼlim olish imkoniyati yaratilmoqda.

Hamkorligimiz nisbatan yangi bo‘lishiga qaramay, qisqa davr ichida katta tajriba to‘pladik. O‘zaro ishonch hamda hurmatga asoslangan sheriklik shakllanmoqda. Loyihalarimizda ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik yoshlarning yuqori motivatsiyasi, bilim va kasb egallashga bo‘lgan intilishi katta taassurot qoldirdi. Bunga ham O‘zbekistonda, ham Germaniya korxonalarida shaxsan guvoh bo‘ldim.

Yo‘lga qo‘yilayotgan hamkorlik munosabatlari har ikki tomon, eng avvalo, unda ishtirok etayotgan yoshlar uchun manfaatlidir. Germaniya malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini maqsadli ravishda qisqartirish, shu orqali iqtisodiyoti uchun yangi imkoniyatlar yaratish imkoniga ega bo‘ladi. O‘zbekistonlik yoshlar esa yangi kasbiy bilim va xalqaro tajribaga ega bo‘ladi.

Tartibli va adolatli mehnat migratsiyasi nafaqat mehnat bozori ehtiyojlarini qondirish, balki inson kapitali rivojiga ham xizmat qiladi. Kelajakda hamkorlikni yanada kengaytirib, malakali mutaxassislarni jalb etishning ishonchli, adolatli va barqaror mexanizmlarini birgalikda rivojlantirishni istaymiz.

Maqsadimiz – kelgusida Germaniya mehnat bozoriga O‘zbekistondan yanada ko‘proq malakali mutaxassislarni jalb etish va bu jarayonni har ikki davlat manfaatlariga mos ravishda barqaror rivojlantirishdir.

Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston xalqi va mamlakatning Germaniyadagi barcha hamkorlarini Mustaqillikning 35 yilligi bilan samimiy muborakbod etaman.

Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik kelgusida ham o‘zaro manfaatlar asosida yanada rivojlansin.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish