Jakartada O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlandi

Oktabr 04, 2026. 10:30 • 2 daq

• 16
Jakartada O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlandi

JAKARTA, 4-oktabr. /“Dunyo” AA/. Indoneziya poytaxtidagi “St. Regis” mehmonxonasida O‘zbekiston mustaqilligining 35-yilligiga bag‘ishlangan rasmiy qabul marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Indoneziya Prezidenti Administratsiyasi mas’ul xodimlari, hukumat va parlament a’zolari, yetakchi biznes doiralari, xorijiy diplomatik vakolatxonalar hamda xalqaro tashkilotlar rahbarlaridan iborat 400 nafardan ortiq mehmon ishtirok etdi.

Indoneziya Hukumati nomidan marosimda faxriy mehmon sifatida transport vaziri Dudi Purvagandi qatnashdi.

Shuningdek, qabulda Haj va umra vaziri Muhammad Irfan Yusuf, tashqi ishlar vitse-vaziri Anis Matta, tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Santo Darmosumatro, savdo vaziri o‘rinbosari Roro Esti Vidya Putri va boshqa rasmiy shaxslar ishtirok etdi.

Indoneziya transport vaziri Dudi Purvagandi o‘z nutqida ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini ta’kidlab, O‘zbekiston Prezidenti olib borayotgan ochiq va pragmatik tashqi siyosatni yuqori baholadi.

Vazir O‘zbekistonni islom sivilizatsiyasining markazlaridan biri sifatida e’tirof etib, ziyorat turizmi, transport-logistika, savdo va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlikni yana-da kengaytirish uchun ulkan salohiyat mavjudligini qayd etdi.

Tantanali kechada “Bahor” davlat raqs ansambli san’atkorlarining konsert dasturi namoyish etilib, mehmonlarga o‘zbek milliy taomi — palov tortiq qilindi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish