O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyati Rossiya janubidagi ishbilarmon doiralarga taqdim etildi

Oktabr 04, 2026. 10:00 • 2 daq

• 73
O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyati Rossiya janubidagi ishbilarmon doiralarga taqdim etildi

ROSTOV-DON, 4-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh konsulxonasi tomonidan Rossiyaning Rostov viloyati ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuv O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyati hamda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish istiqbollariga bag‘ishlandi.

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarning bugungi holati, sanoat kooperatsiyasi istiqbollari, korxonalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish va hududlararo biznes munosabatlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Rossiyalik kompaniyalarning O‘zbekistonda o‘tkaziladigan xalqaro ko‘rgazma va forumlarda ishtirok etishi uchun keng imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

Ochiq muloqot shaklida o‘tgan tadbirda ishbilarmonlar biznes yuritish shartlari, soliqqa tortish, korxonalarni ro‘yxatdan o‘tkazish, mahsulotlarni sertifikatlash, logistika, hamkorlarni topish va investitsiyaviy loyihalarda qatnashish bilan bog‘liq savollariga atroflicha javob oldilar. Shu bilan birga, mamlakatimizning qulay geografik joylashuvi, Markaziy Osiyo va qo‘shni davlatlar bozorlariga chiqish imkoniyatlari yuqori baholandi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Rostov viloyati ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha amaliy ishlarni davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishildi. Xususan, 2027-yilning birinchi choragida mintaqa tadbirkorlarining respublikamizga biznes-missiyasini tashkil etish masalasi rejalashtirildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish