Al-Kuvaytda O‘zbekiston va Iroq o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi
Oktabr 14, 2026. 16:00 • 2 daq
• 25
AL-KUVAYT, 14-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Ayubxon Yunusov Iroqning Kuvaytdagi yangi tayinlangan elchisi Usama al-Nashi bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida tomonlar do‘stona munosabatlarni mustahkamlash, siyosiy muloqotni faollashtirish hamda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-logistika va turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar. Xususan, yuqori darajadagi o‘zaro tashriflarni tashkil etish va tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi aloqalarni davom ettirishga alohida e’tibor qaratildi.
Savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish maqsadida 2027-yilning birinchi choragida Toshkent shahrida Hukumatlararo qo‘mitaning birinchi majlisini o‘tkazish taklif qilindi. Shuningdek, preferensial savdo, investitsiyalarni o‘zaro himoya qilish va rag‘batlantirish, shuningdek, xalqaro avtomobil qatnovi to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitimlar loyihalarini kelishish jarayonlarini jadallashtirish masalasi ko‘rib chiqildi.
Transport-logistika yo‘nalishida aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini o‘rganish, muqobil transport yo‘laklarini shakllantirish hamda tarmoq idoralari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlikni o‘rnatish muhimligi qayd etildi.
Shu bilan birga, iroqlik vakillarning joriy yil noyabr oyida Toshkent shahrida o‘tkaziladigan xalqaro turistik yarmarka hamda “Yangi O‘zbekiston: jahon bozorlari chorrahasi” biznes-forumida ishtirok etishi masalasi ko‘rib chiqildi. Tomonlar ushbu tadbirlarga Iroq vazirliklari, savdo-sanoat palatalari va ishbilarmon doiralari, jumladan, Kurdiston mintaqasi tadbirkorlarini jalb etishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Uchrashuvda tomonlar o‘zbek tadbirkorlarining Iroq bozoriga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish, ishbilarmonlik safarlarini tashkil etish va viza olish tartib-qoidalarini soddalashtirish masalalarini ham muhokama qildilar.
Elchi Usama al-Nashi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishdan manfaatdorligini va barcha ko‘rib chiqilgan tashabbuslarni amalga oshirish uchun yaqin hamkorlikka tayyorligini tasdiqladi. Muzokaralar yakunida tomonlar ushbu yo‘nalishlardagi ishlarni davom ettirish hamda amaliy natijalarga erishish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning Kuvaytdagi elchisi Ayubxon Yunusov 2025-yil oktabr oyida Iroq Prezidenti Abdullatif Rashidga ham ishonch yorliqlarini topshirgan edi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi