Ermitajda Buxoro amiri saroyi sanʼatiga bag‘ishlangan ko‘rgazma ochiladi
May 27, 2026. 10:55 • 1 daq
• 114
SANKT-PETERBURG, 27-may. /“Dunyo” AA/. Joriy yilning 5-iyun kuni Ermitaj muzeyida 2026-yilgi Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida “Saroy xonalarini kashf etib: Buxoro amiri saroyidagi sanʼat” nomli ko‘rgazma ish boshlaydi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur madaniy tadbir O‘zbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan Ermitaj muzeyi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.
O‘zbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi maʼlumotiga ko‘ra, ko‘rgazmada Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasi, O‘zbekiston davlat sanʼat muzeyi, O‘zbekiston davlat amaliy sanʼat va hunarmandchilik tarixi muzeyi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi hamda Ermitaj muzeyiga mansub bo‘lgan 67 ta noyob muzey ashyosi taqdim etiladi.
Mehmonlar eʼtiboriga Buxoro amirligining badiiy madaniyati va Markaziy Osiyo saroy hayoti anʼanalarini atroflicha ochib beruvchi nafis bezakli amaliy sanʼat asarlari, zargarlik buyumlari va saroy maishiy turmushiga oid nodir eksponatlar namoyish etiladi.
Xalqaro ko‘rgazma 2026-yilning 5-iyunidan 4-oktyabriga qadar tashrif buyuruvchilar uchun ochiq bo‘ladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




