Abu Ali ibn Sino nomidagi Jizzax texnikumiga Pokistondan zamonaviy tibbiy uskunalar keltirildi
May 27, 2026. 12:25 • 3 daq
• 71ISLOMOBOD, 27-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi tashabbusi bilan Jizzax shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumiga zamonaviy tibbiy asbob-uskunalardan iborat bepul grant yordami yetkazib berildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur amaliy tashabbus ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik munosabatlarini yana-da mustahkamlash, sog‘liqni saqlash va tibbiy taʼlim sohasida tajriba almashishni kengaytirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Loyiha joriy yil 15-yanvar kuni O‘zbekiston Prezidenti rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida amalga oshirildi. Mazkur yig‘ilishda Tashqi ishlar vazirligi hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati samaradorligini oshirish, ayniqsa, mamlakatimiz uchun amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan investitsiya, taʼlim, sog‘liqni saqlash va innovatsion loyihalarni jalb etish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan edi.
Shu asosda O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Pokistonning yetakchi tibbiy uskunalar ishlab chiqaruvchilaridan biri – «Stahlmann Pro» kompaniyasi bilan maqsadli muzokaralar olib borildi. O‘zbekistonda tibbiy taʼlim tizimini yana-da takomillashtirish, tibbiyot texnikumlarida tahsil olayotgan o‘quvchilar uchun amaliy mashg‘ulotlar imkoniyatlarini kengaytirish va o‘quv jarayonini xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy tibbiy vositalar bilan taʼminlash masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar natijasida «Stahlmann Pro» kompaniyasi O‘zbekiston tibbiyot texnikumlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘z mahsulotlarini bepul grant asosida taqdim etishga tayyor ekanini bildirdi.
Kompaniya direktori Abdulla Amjad elchixonaga 10 turdagi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalarni bepul grant sifatida topshirdi. Qayd etish joizki, mazkur jihozlar yuqori xalqaro sifat standartlariga to‘liq javob beradi va asosan AQSH hamda Yevropa davlatlari bozorlariga eksport qilinadi.
Mutaxassislar taʼkidiga ko‘ra, ushbu tibbiy jihozlar talabalarning amaliy ko‘nikmalarini oshirish, zamonaviy tibbiy texnologiyalar bilan ishlash tajribasini shakllantirish va ularni raqobatbardosh mutaxassis sifatida tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, simulyatsion usuldagi taʼlim jarayonlari talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirishda samarali vosita hisoblanadi.
Ushbu grant doirasida Jizzax shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumi bazasida Jarrohlik va stomatologiya simulyatsion markazini tashkil etish rejalashtirilgan. Yangi markazda talabalar jarrohlik va stomatologiya sohalari bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish, turli tibbiy jarayonlarni simulyatsiya qilish va murakkab klinik holatlar ustida ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Mazkur tashabbus O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida taʼlim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi







