“Onda Cero”: O‘zbekiston Jahon chempionatida qatnashadigan ilk Markaziy Osiyo mamlakati sifatida tarixga kirdi

May 27, 2026. 11:55 • 2 daq

59
“Onda Cero”: O‘zbekiston Jahon chempionatida qatnashadigan ilk Markaziy Osiyo mamlakati sifatida tarixga kirdi

MADRID, 27-may. /“Dunyo” AA/. Ispaniyaning “Onda Cero” portali “O‘zbekiston – futbol bo‘yicha jahon chempionatida Markaziy Osiyodagi ilk mamlakat” sarlavhali maqola eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda O‘zbekiston terma jamoasi futbol bo‘yicha jahon chempionatiga yo‘llanma olgan Markaziy Osiyodagi birinchi jamoa sifatida allaqachon tarixga kirgani taʼkidlangan. Qayd etilishicha, mundial yo‘llanmasi saralash guruhida Erondan keyin ikkinchi o‘rinni egallash orqali qo‘lga kiritilgan.

“Onda Cero” asosan mahalliy Superliga va qo‘shni mamlakatlar, jumladan, Turkiya chempionati o‘yinchilaridan tarkib topgan O‘zbekiston terma jamoasi xalqaro tajriba to‘plashda davom etayotganiga eʼtibor qaratgan. Shu bilan birga, jamoaning yuqori darajadagi jismoniy tayyorgarligi, tezkorlik hamda pressing va qarshi hujumlarda samarali o‘yin namoyish eta olishi alohida urg‘ulangan.

Materialda terma jamoani “Oltin to‘p” sohibi va Madridning “Real” klubi sobiq himoyachisi Fabio Kannavaro boshqarishi alohida qayd etilgan. Nashr fikricha, uning boy o‘yin tajribasi jamoaga qo‘shimcha ishonch bag‘ishlay oladi.

Maqolada tarkibning o‘zaro bir-birini yaxshi tushunib o‘ynashi va futbolchilarning muntazam rivojlanib borishi tufayli O‘zbekiston raqobatbardosh jamoani shakllantira olgani qayd etilgan. Shu bilan birga, pley-off bosqichiga chiqish o‘zbek futboli va uning muxlislari uchun jiddiy yutuq sifatida baholanmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish