Seulda Qurbon hayiti munosabati bilan xayriya tadbiri o‘tkazildi

May 27, 2026. 10:00 • 2 daq

105
Seulda Qurbon hayiti munosabati bilan xayriya tadbiri o‘tkazildi
Seulda Qurbon hayiti munosabati bilan xayriya tadbiri o‘tkazildi
Seulda Qurbon hayiti munosabati bilan xayriya tadbiri o‘tkazildi
Seulda Qurbon hayiti munosabati bilan xayriya tadbiri o‘tkazildi

SEUL, 27-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Qurbon hayiti munosabati bilan Janubiy Koreya poytaxtidagi “Lazzat” o‘zbek milliy taomlari oshxonasida xayriya tadbiri tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur xayriya tadbiri davlatimiz rahbarining “Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida o‘tkazildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston musulmonlari idorasi delegatsiyasi, jumladan, Olmazor tumanidagi “Mirzo G‘olib” jome masjidi imom-xatibi Isaxon Begmatov, shuningdek, o‘zbek diasporasi vakillari hamda Koreya Respublikasida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan vatandoshlar ishtirok etdi.

Tadbirning asosiy maqsadi – xorijda yashayotgan O‘zbekiston fuqarolarini moddiy va maʼnaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, muqaddas ayyom kunlarida vatandoshlar o‘rtasida o‘zaro yordam, mehr-oqibat va hamjihatlik anʼanalarini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.

Tadbir davomida ushbu mamlakatda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz ehson dasturxoniga taklif etildi. Shu bilan birga, 50 ta ehtiyojmand oilaning holidan xabar olinib, ularga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.

Imom-xatib Isaxon Begmatov tadbir ishtirokchilariga Qurbon hayitining mazmun-mohiyati, ushbu muqaddas kunni xalqimizning milliy anʼana va urf-odatlariga uyg‘un tarzda, ko‘tarinki ruhda nishonlash ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, u xayriya, mehr-saxovat, birdamlik va vatandoshlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat-eʼtibor masalalariga alohida to‘xtalib, xorijda milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash muhimligini taʼkidladi.

Tadbir ishtirokchilari mazkur xayriya tadbirini tashkil etgan O‘zbekiston rahbariyatiga samimiy minnatdorlik izhor etib, bu kabi uchrashuvlarning maʼnaviy-axloqiy munosabatlarni mustahkamlash, xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda gumanitar aloqalarni rivojlantirishdagi muhim ahamiyatini alohida qayd etdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish