Chechenistonda o‘zbekiston fuqarolari uchun sayyor qabul tashkil etildi

May 23, 2026. 10:56 • 2 daq

1
Chechenistonda o‘zbekiston fuqarolari uchun sayyor qabul tashkil etildi
Chechenistonda o‘zbekiston fuqarolari uchun sayyor qabul tashkil etildi

GROZNIY, 23 may. /“Dunyo” AA/. Yurtimizning Rostov-Don shahridagi Bosh konsulxonasi diplomatlari Checheniston Respublikasiga amalga oshirgan xizmat safari davomida vatandoshlarimiz ishtirokida qator uchrashuv va konsullik sayyor qabullarini tashkil etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Diplomatlar dastlab Grozniy shahridagi Xorijiy fuqarolarni vaqtinchalik saqlash markazida bo‘lib, u yerda saqlanayotgan hamda ushbu hududda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan uchrashdi.

Muloqot chog‘ida yurtdoshlarimizni qiziqtirayotgan savollar va muammoli masalalar atroflicha muhokama qilinib, ularga zarur konsullik-huquqiy maslahatlar berildi. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar hamda xorijdagi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash va ularning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan davlat siyosatining mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritildi.

Tashrif davomida konsulxona vakillari Checheniston Ichki ishlar vazirligi Migratsiya masalalari bo‘yicha boshqarmasi hamda Xorijiy fuqarolarni vaqtinchalik saqlash markazi rahbariyati bilan rasmiy muzokaralar o‘tkazdi.

Suhbat jarayonida konsullik-huquqiy hamkorlikning dolzarb jihatlari, xususan, O‘zbekiston fuqarolarining qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ikki tomonlama tezkor axborot almashinuvi mexanizmlarini takomillashtirish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.

Muzokaralarda asosiy e’tibor mahalliy qonunchilikni buzgani uchun qiyin vaziyatga tushib qolgan fuqarolarni vatanga qaytarish jarayonini jadallashtirishga qaratildi. Erishilgan kelishuvlar natijasida, hujjatlashtirish va tashkiliy ishlarni qisqa muddatlarda yakunlab, yaqin kunlarda 31 nafar hamyurtimizni vatanga qaytarish bo‘yicha qat’iy kelishuvga erishildi.


Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish