Tataristondagi bemor hamyurtimiz eson-omon O‘zbekistonga qaytarildi
May 19, 2026. 19:04 • 2 daq
• 84
QOZON, 19-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi ko‘magida Tataristonda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirib kelgan og‘ir ahvoldagi hamyurtimiz vatanga xavfsiz va eson-omon qaytarildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
1969-yilda tug‘ilgan U.Sh.V. mehnat faoliyati davomida sog‘lig‘ida jiddiy muammolar yuzaga kelishi oqibatida shoshilinch ravishda Tataristondagi klinik shifoxonasiga yotqizilgan. Shifokorlar uning ahvolini og‘ir deb baholagan va tezkor tibbiy yordam ko‘rsatgan.
Mazkur holat yuzasidan Bosh konsulxona tomonidan zudlik bilan tegishli choralar ko‘rildi. Xususan, Migratsiya agentligi bilan yaqin hamkorlikda vatandoshimizni Vatanga qaytarish bo‘yicha zarur tashkiliy va huquqiy ishlar amalga oshirildi. Qisqa vaqt ichida barcha konsullik hujjatlari rasmiylashtirilib, tibbiy repatriatsiya jarayoni uchun kerakli tayyorgarlik tadbirlari amalga oshirildi.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, «Uzbekistan Airways» AJ hamda mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda bemor fuqaroni maxsus kuzatuv asosida “Qozon–Toshkent” yo‘nalishi orqali yurtimizga olib kelish ishlari samarali tashkil etildi.
Amalga oshirilgan tezkor va muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar natijasida vatandoshimiz O‘zbekistonga eson-omon yetkazildi va ayni paytda u Vatanimizda shifokorlar nazorati ostida davolanishni davom ettirmoqda.
Mazkur holat xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur paytda amaliy yordam ko‘rsatish davlatimiz eʼtiborida ekanining yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




