Indoneziyada 16 yoshgacha bo‘lgan 4,7 million ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisining akkaunti o‘chirib qo‘yildi

Iyun 27, 2026. 11:00 • 2 daq

90
Indoneziyada 16 yoshgacha bo‘lgan 4,7 million ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisining akkaunti o‘chirib qo‘yildi

JAKARTA, 27-iyun. /“Dunyo” AA/. Indoneziyada “TikTok” va “YouTube” ijtimoiy platformalari 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga tegishli jami 4,7 millionga yaqin akkauntni o‘chirib qo‘ydi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Bu haqda “Reuters” axborot agentligi aloqa va raqamli texnologiyalar vaziri Meutya Hafidaning ijtimoiy tarmoqlar uchun kuchga kirayotgan cheklovlar haqidagi so‘zlariga tayanib yozmoqda.

Qayd etilishicha, “TikTok” 4,1 million, “YouTube” videoplatformasi esa 600 mingga yaqin akkauntni o‘chirgan. Kompaniyalar rasmiylari hozircha bu ma’lumot yuzasidan izoh bergani yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, mart oyida Indoneziyada davlat tomonidan “yuqori xavfli” deb tan olingan ijtimoiy tarmoqlarga 16 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilarning akkauntlarini o‘chirib qo‘yish majburiyatini yuklovchi tartib qabul qilingan edi. Hozirga qadar “X”, “Instagram” tarmoqlari va “Roblox” o‘yin platformasi ushbu qoidalar ta’siriga tushib bo‘lgan.

Vazirning ta’kidlashicha, hukumat nafaqat bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini cheklashni, balki platformalarning o‘z siyosatini o‘zgartirishni ham maqsad qilgan.

“Biz shunchaki bolaning tarmoqqa kirishini kechiktirayotganimiz yo‘q, balki platformalarning o‘zini tutish madaniyati o‘zgarishini istaymiz”, — dedi u va vazirlik hozirda kompaniyalar taqdim etgan o‘z-o‘zini baholash hisobotlarini tekshirayotganini qo‘shimcha qildi.

Qayd etilishicha, Indoneziyaning bu chora-tadbirlari kiberbulling va raqamli qaramlik xavfini kamaytirishga qaratilgan. Ushbu qadamlar ijtimoiy tarmoqlarning yoshlar ruhiy salomatligiga ta’siri bilan bog‘liq xavotirlar tufayli taqiq joriy etilgan Avstraliyadagi shunga o‘xshash tashabbuslardan so‘ng amalga oshirilgan.

Avstraliya tajribasi xalqaro hamjamiyatning diqqat markaziga tushdi. Bir qator mamlakatlar voyaga yetmaganlarni himoya qilish uchun shunga o‘xshash cheklovlarni joriy etish imkoniyatini o‘rganmoqda. Masalan, Buyuk Britaniya ham shu oyda tartibga solish doirasini kengaytirib, unga o‘yin va striming platformalarini kiritish rejasini e’lon qildi.

“UN news” olgan surat

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish