Asli buxorolik turk olima Temuriylar merosini Yevropada tadqiq etmoqda

Iyun 27, 2026. 11:30 • 4 daq

84
Asli buxorolik turk olima Temuriylar merosini Yevropada tadqiq etmoqda

ANQARA, 27-iyun. /“Dunyo” AA/. Asli kelib chiqishi buxorolik bo‘lgan, ayni kunlarda Yevropada tadqiqot olib borayotgan turk olimi, professor Selin Shenojak Temuriylar davriga oid qo‘lyozmalar va tarixiy buyumlar bo‘yicha ko‘p yillik ilmiy izlanishlari haqida “Anadolu” axborot agentligiga intervyu berdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Selin Shenojakning ma’lum qilishicha, Temuriylar davri va O‘zbekiston tarixi bugungi kunda nafaqat mahalliy, balki xalqaro ilmiy muhokamalar markazida turibdi.

“Men “Ajdodlarimiz izidan” loyihasi doirasida Oksford, Edinburg, Parij, Berlin, Vena kabi Yevropa universitetlari va arxivlarida XIV–XV asrlarga oid Temuriylar davriga mansub qo‘lyozmalar va tarixiy buyumlarni o‘rgandim. Bu tadqiqotlar nafaqat hujjatlarni o‘rganish, balki ularni madaniy muomalaga qaytarish maqsadini ham ko‘zlaydi”, – deydi professor.

Olimaning ta’kidlashicha, Yevropa kutubxonalarida saqlanayotgan Turkiston va O‘zbekiston tarixi bilan bog‘liq qo‘lyozmalar hanuz keng miqyosda tadqiq etilmagan. Masalan, Alisher Navoiyning chig‘atoy turkiysida yozilgan devonlari va “Temur tuzuklari” kabi asarlar Oksford va Berlin kabi ilmiy markazlarda saqlanmoqda.

Shuningdek, birinchi musulmon turkiy hukmdor Satuq Bug‘roxonning islomni qabul qilishini tasvirlaydigan epik asarlar ham Yevropa arxivlarida mavjud. Bu asarlar Rossiya chorizmi va Sovet Ittifoqi davrida O‘zbekistondan olib ketilgan bo‘lib, hozirgi kunda tadqiqotchilar uchun ochiqdir.

“Tadqiqotning eng katta qiyinchiliklaridan biri hujjatlarning turli davlatlarda tarqalganidir. Masalan, bir nusxa Parijda, ikkinchisi Venada bo‘lishi, uning to‘liq ma’lumoti esa London katalogida keltirilgan bo‘lishi mumkin. Shu bois, faqat kataloglar orqali harakatlanish yetarli emas, xalqaro akademik tarmoqlardan faol foydalanish va arxivlarda tizimli tadqiqot olib borish zarur”, – deydi Selin Shenojak.

Intervyuda ta’kidlanishicha, Yevropa universitetlari so‘nggi yillarda o‘zbek klassik adabiy tili – chig‘atoy tili bo‘yicha o‘quv dasturlarini yo‘lga qo‘yib, Turkistonga oid asarlarni yanada chuqur tadqiq etishga kirishgan. Bu rivojlanish tasodifiy emas: Yevropa endi o‘z arxivlarida saqlab kelgan Turkiston xazinalarining ahamiyatini anglay boshlagan.

Professor qayd etganidek, O‘zbekistonda ham Temuriylar merosini tiklash va o‘rganish bo‘yicha jiddiy sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida milliy xotirani qayta tiklash va tarixiy merosni saqlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu munosabat bilan olimaning Yevropa arxivlaridagi tadqiqotlari o‘zbek olimlari bilan hamkorlikda raqamli kutubxona yaratishni nazarda tutadi. Bu, o‘z navbatida, milliy xotirani raqamlashtirish va uni kelajak avlodlar uchun saqlab qolish imkonini beradi.

Selin Shenojak, garchi o‘zi Fransiyada tug‘ilgan va ona tili fransuz tili bo‘lsa-da, turkiy til va madaniyat bilan aloqalarini saqlab qolish maqsadida Turkiyada ta’lim olgan. U akademik faoliyatini Yevropada davom ettirib, Shveysariya federal texnologiya institutida kafedra mudiri va dekan o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan hamda hozirda YUNESKOning Madaniy diplomatiya bo‘limi boshlig‘i lavozimida mehnat qilmoqda.

Olimaning aytishicha, Turkiston mintaqasi hech qachon u uchun uzoq geografiya bo‘lmagan, zero oilasining ildizlari Buxoroga borib taqaladi. Xususan, uning katta bobosi Shayx Shokir Afandi 1862-yilda Sulton Abdulazizning taklifiga binoan Buxorodan Usmonli zaminiga ko‘chib o‘tgan va Ordu viloyatida faoliyat yuritgan olim bo‘lgan.

Selin Shenojak Ordu shahrida joylashgan bobosining qabri hanuz mahalliy aholi tomonidan hurmat bilan ziyorat qilinishini bildirar ekan: “Men qilayotgan har bir sa’y-harakat bobomning orzu-umidlari yo‘lidagi burchimdir. O‘zbekiston men uchun begona yurt emas. Bu zamin – ajdodlarim ildiz otgan va o‘zligim shakllangan qadim Ota yurtdir”, – deya ta’kidlaydi.

Xulosa qilib aytganda, Selin Shenojakning Yevropa arxivlaridagi tadqiqotlari Temuriylar davri va O‘zbekiston tarixini xalqaro ilmiy maydonga olib chiqishda muhim ahamiyatga ega. Uning sa’y-harakatlari milliy xotirani tiklash, tarixiy hujjatlarni madaniy muomalaga qaytarish va kelajak avlodlar uchun raqamli bilim resurslari yaratishga qaratilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish