Iordaniyada O‘zbekiston Prezidentining “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston” kitobi taqdimoti o‘tkazildi
Noyabr 22, 2026. 09:10 • 2 daq
• 2AL-MAFRAQ, 22-noyabr. /“Dunyo” AA/. Iordaniyaning Al-Mafraq shahridagi Al-Bayt universitetida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston” nomli kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Iordaniyaning oliy o‘quv yurtlari rahbariyati, professor-o‘qituvchilari, doktorant va talabalari ishtirok etdi. O‘zbekiston ilmiy delegatsiyasi tarkibida Fanlar akademiyasining Tarix instituti hamda Ab-u Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti rahbarlari, shuningdek, Iordaniyaning yetakchi nashriyot uylari vakillari qatnashdilar.
O‘zbekiston vakillari kitobning mazmun-mohiyati va asosiy g‘oyalari, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda inson qadri va farovonligini oshirishga qaratilgan davlat siyosati haqida batafsil so‘zlab berdilar. Ilm-fan, ta’lim va innovatsiyalarni rivojlantirish, mintaqaning tarixiy-madaniy merosi va buyuk ajdodlarimizning jahon hamda islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, O‘zbekiston yetakchisining Markaziy Osiyo, turkiy va arab-islom dunyosidagi o‘rniga alohida e’tibor qaratildi.
Iordaniyalik olimlar va nashriyot sohasi vakillari O‘zbekistondagi o‘zgarishlarga hamda qisqa fursat ichida ichki va tashqi siyosatda erishilgan natijalarga yuqori baho berdilar.
So‘zga chiqqanlar akademik va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash muhimligini ta’kidladilar. Ularning fikricha, O‘zbekiston rahbarining Iordaniyaga bo‘lajak tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarga yangi sur’at bag‘ishlaydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


