MAX messenjerining o‘zbek tilidagi interfeysi taqdim etildi
Noyabr 14, 2026. 17:30 • 2 daq
• 145MOSKVA, 14-noyabr. / “Dunyo” AA/. Rossiyaning VK (VKontakte) kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan MAX messenjerining o‘zbek tilidagi interfeysi taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” muxbiri.
Moskvada o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston OAV vakillari hamda soha mutaxassislari qatnashdi. Taqdimotda MAX jamoasi platformaning rivojlanishi, yangi imkoniyatlari, foydalanuvchilar uchun qulayliklar va xavfsizlik choralari haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston MAX messenjeridan foydalanuvchi xorijiy davlatlar orasida birinchi o‘rinda turadi. Platformaning 11,5 million nafar xorijiy foydalanuvchisidan 4 millioni O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi. Mamlakatimizda har kuni MAX orqali 11,7 million ta xabar yuborilib, 1,3 million ta audio va video qo‘ng‘iroq amalga oshiriladi.
Ushbu messenjer foydalanuvchilarga chatlar, audio va video qo‘ng‘iroqlar, kanallar, hikoyalar, 4 GB gacha bo‘lgan fayllarni yuborish hamda ovozli xabarlarni matnga aylantirish imkoniyatlarini taqdim etadi. Shuningdek, ikki bosqichli autentifikatsiya, maxfiylik sozlamalari va firibgarlikdan himoya qilish kabi xavfsizlik vositalari mavjud.
Tadbirda MAX rahbariyati o‘zbek tilidagi interfeysning joriy etilishi O‘zbekiston auditoriyasi bilan muloqotni yanada qulaylashtirish va platformaning xalqaro rivojlanishida muhim qadam ekanini ta’kidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




