Logo

Islomobodda Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasida sanoat, savdo va investitsiya sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi

May 06, 2026. 14:55 • 2 daq

61
Islomobodda Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasida sanoat, savdo va investitsiya sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi

ISLOMOBOD, 6-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev va Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov Islomobod shahrida Pokiston Bosh vazirining sanoat va ishlab chiqarish bo‘yicha maxsus yordamchisi, sanoat va ishlab chiqarish vaziri Xarun Axtar Xan bilan uchrashuv o‘tkazdilar, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida savdo-iqtisodiy, sanoat va investitsiya sohalaridagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, joriy yil 5–6-fevral kunlari O‘zbekiston Prezidentining Pokistonga amalga oshirgan davlat tashrifi davomida hududlararo hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosi ko‘rib chiqildi.

Vazir Xarun Axtar Xan Islomobod shahrida oliy darajada o‘tkazilgan muzokaralarda shaxsan ishtirok etganini taʼkidlab, O‘zbekiston yetakchisining uzoqni ko‘ra bilish qobiliyati, murakkab masalalarga samarali yechim topish mahorati va amaliy natijalarga yo‘naltirilgan yondashuvlarini yuksak baholadi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston tomoni Pokistondan tirik chorva mollarini import qilish tashabbusini ilgari surdi va mazkur yo‘nalishda amaliy qadamlarni belgilash yuzasidan fikr almashildi. Shu bilan birga, farmatsevtika, teri va charm mahsulotlarini qayta ishlash sanoati hamda boshqa istiqbolli tarmoqlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Tomonlar ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, go‘sht eksportini ko‘paytirish, shuningdek, mintaqaviy savdo va iqtisodiy integratsiya jarayonlarini jadallashtirish masalalariga ham eʼtibor qaratdilar.

Pokiston Bosh vazirining maxsus yordamchisi yaqin kelajakda yuqori darajali delegatsiya bilan O‘zbekistonga tashrif buyurish rejalashtirilayotganini maʼlum qildi. Mazkur tashrif doirasida investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasi imkoniyatlarini yana-da chuqur o‘rganish ko‘zda tutilgan.

Uchrashuv yakunida ikki mamlakat xalqlari farovonligi, barqaror iqtisodiy o‘sish va uzoq muddatli taraqqiyotni taʼminlash yo‘lida o‘zaro sheriklikni yana-da mustahkamlashga qaratilgan muloqotni davom ettirishga kelishib olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish