Logo

O‘zbekiston va Ispaniya investitsiya va hududlararo hamkorlikni kengaytirmoqda

May 05, 2026. 15:25 • 2 daq

164
O‘zbekiston va Ispaniya investitsiya va hududlararo hamkorlikni kengaytirmoqda

MADRID, 5-may. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Ispaniyadagi elchixonasida Madrid avtonom hamjamiyatining davlat va Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik bo‘yicha bosh boshqarmasi direktori Gilyermo Kirkpatrik de la Vega bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Suhbat jarayonida O‘zbekiston­–Ispaniya munosabatlarini rivojlantirishning dolzarb masalalari, ikki tomonlama va mintaqaviy darajada amaliy hamkorlikni yana-da kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Suhbatdoshga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, shuningdek, xorijiy sheriklar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida maʼlumot berildi.

Muzokaralar davomida hududlararo hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Ispaniya tomoni amaliy hamkorlik uchun ustuvor sherik sifatida Toshkent viloyatining yuqori salohiyatini taʼkidlab, aniq investitsiya va amaliy loyihalarga yo‘naltirilgan holda, aynan hududiy darajada hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Muloqot chog‘ida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik masalalariga katta eʼtibor qaratildi. Energetika va qayta tiklanuvchi energiya manbalari, sanoat uskunalarini yetkazib berish, avtomobilsozlik, farmatsevtika sanoati, shuningdek, tibbiy va texnologik yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirishga qiziqish bildirildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va hududlararo aloqalarni faollashtirishdan o‘zaro manfaatdor ekanini taʼkidladi. Barcha belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha ishchi maslahatlashuvlarni davom ettirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish