Namangan viloyatida BAA investorlari ishtirokida yirik qishloq xo‘jaligi loyiha rivojlanmoqda
May 02, 2026. 18:30 • 2 daq
• 304
ABU-DABI, 3-may /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning BAAdagi elchixonasi diplomatlari “Sura Holding” kompaniyasi ijrochi direktori Aiman Abdulbari bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Sura Holding” – Abu-Dabida joylashgan xususiy investitsion xolding bo‘lib, asosiy faoliyati xalqaro investitsiyalar va ularni boshqarishdan iborat. Kompaniya qishloq xo‘jaligi, ko‘chmas mulk va xususiy kapital sohalarida faoliyat yuritadi.
Muloqot davomida kompaniya vakillari Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida amalga oshirilayotgan qishloq xo‘jaligi loyihasi haqida maʼlumot berdi.
Hozirgi kunda kompaniya tomonidan Yangiqo‘rg‘ondagi 270 gektar maydonda Italiyadan olib kelingan yuqori sifatli ko‘chatlar asosida olma, gilos, o‘rik, shaftoli va boshqa mahsulotlar yetishtirilmoqda.
Muzokaralar jarayonida kompaniya o‘z mahsulotlarini BAA va Qatarga katta hajmda eksport qilish bo‘yicha kelishuvlarga ega ekanini taʼkidladi. Shuningdek, mahsulotlar Dubay shahridagi “Al Aweer Market” orqali muntazam sotilmoqda.
Kompaniya tomonidan “Sura Trade” nomli mobil ilovasi ishlab chiqilgani qayd etildi. Ushbu ilova orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlari haqida maʼlumotlar joylashtirib, ularni BAA bozorida onlayn tarzda sotish imkoniyati yaratilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi