Pokistonda O‘zbekistonning boy turistik salohiyati va yangi yo‘nalishlari namoyish etildi

Sentabr 08, 2026. 09:00 • 2 daq

150
Pokistonda O‘zbekistonning boy turistik salohiyati va yangi yo‘nalishlari namoyish etildi
Pokistonda O‘zbekistonning boy turistik salohiyati va yangi yo‘nalishlari namoyish etildi
Pokistonda O‘zbekistonning boy turistik salohiyati va yangi yo‘nalishlari namoyish etildi

ISLOMOBOD, 8-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Pokistondagi elchixonasi tashabbusi bilan ushbu davlatda O‘zbekiston turizm kunlari tadbirlari bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashkil etilgan tadbirlar doirasida Islomobodda “O‘zbekiston: tarix va kelajak uchrashgan zamin” mavzusida turistik roud-shou hamda “O‘zbekiston turizm mukofoti – 2026” taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda Pokiston Bosh vazirining turizm masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sardar Yasir Ilyas Xan, Turizmni rivojlantirish korporatsiyasi rahbari Aftab ur-Rehman Rana, turistik va aviakompaniyalar, mehmonxona boshqaruvi va sayyohlik sohasida faoliyat yurituvchi ishbilarmonlar hamda yetakchi OAV vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev mushtarak madaniy va tarixiy meros, umumiy qadriyatlar va ko‘p asrlik sivilizatsiyaviy rishtalar bilan bog‘langan birodar xalqlar o‘rtasidagi do‘stona aloqalar so‘nggi yillarda strategik sheriklik darajasiga chiqqanini qayd etdi.

Uchrashuvlarda YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan dunyoga mashhur Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz, Qo‘qon kabi qadimiy shaharlar, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, yangilangan Imom Buxoriy hamda Arda Xiva majmualari, ziyorat, tibbiyot, gastronomik, ta’lim, qishki va ekologik turizm yo‘nalishlaridagi zamonaviy infratuzilma haqida so‘z yuritildi.

Pokiston Bosh vaziri maslahatchisi Sardar Yasir Ilyas Xan Toshkentdan Islomobod, Lahor va Karachi shaharlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri va muntazam aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilgani O‘zbekistonning sohaga nisbatan tizimli va amaliy yondashuvining ifodasi ekanini ta’kidlab, bu borada mamlakatimiz tajribasini o‘rganishdan manfaatdorligini bildirdi.

Tadbir yakunida mehmonlar uchun O‘zbekiston Mudofaa vazirligi Ashula va raqs ansambli tomonidan o‘zbek kuy-qo‘shiqlari va raqslaridan iborat konsert dasturi namoyish etildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish